Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan Yangiyer shahrida “Xotin-qizlarga huquqiy maslahat ko‘chma qabulxonasi” loyihasi amalga oshirildi.
Tadbir davomida 22 nafar xotin-qizning murojaatlari tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi. Ayrim muammolar joyida yechimini topdi, boshqalari bo‘yicha esa tegishli idora va tashkilotlarga topshiriqlar berildi.

Loyiha viloyat hokimligi hamda bir qator hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyatdagi faolligini kuchaytirish va mavjud muammolarni tezkor hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul jarayonida hokimlik, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash tizimi, tijorat banklari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh fuqarolarni qabul qildi. Ular har bir murojaatni sinchiklab o‘rganib, huquqiy yordam ko‘rsatish hamda amaliy tavsiyalar berishdi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga 20 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Xususan, oila va mehnat qonunchiligi, ayollar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kredit olish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar yetkazildi.

– Bunday ko‘chma qabulxonalar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Muhabbat Xidiraliyeva. – Eng muhimi, “Xotin-qizlarga huquqiy maslahat ko‘chma qabulxonasi” loyihasi nafaqat Yangiyer shahrida, balki viloyatning barcha hududlarida ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA