English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanish borasida yangicha yondashuv
12:42 / 2020-12-30

Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqiga Murojaatnomasining har bir yo‘nalishida aholimiz, jumladan, ayollarimizning ham manfaati yaqqol aks etdi.

 Ma’ruzada iqtisodiy islohotlarni mustahkamlash, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, sport, ta’lim olish, ijtimoiy himoya, xorijiy moliyalashtirilgan loyihalarni tadbiq etish, mahallalarni obod qilish, qadriyatlarni asrash deysizmi, boshqa yo‘nalishlar deysizmi, barcha-barchasida xotin-qizlarimizning hayot tarzini yanada farovonlashtirish g‘oyasi mujassam topdi.

Shuningdek, Prezidentimiz ma’ruzalarida ta’kidlaganlaridek, Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida yurtimiz ayollarining umumiy ahvoli, shuningdek, ayolning garchi ko‘p bora o‘rganilgan bo‘lsada, yuzaki munosabatda bo‘lingani sabab uzoq yillardan beri yig‘ilib qolgan ijtimoiy, moddiy, tibbiy, kasbga o‘qitish, kam haq to‘lanadigan emas, mehnati qadr topadigan sohalarda ishlash kabi yo‘nalishlarda yechimini kutayotgan muammolar yuzaga qalqib chiqdi.

Hozirda “Ayollar daftari” shakllantirilib, xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga kompleks yondashilib, amaliy yechim topilmoqda. Kelgusi yilda mamlakatimizdagi 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar ko‘riladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida bo‘lishi ishlarning samaradorligini yanada oshiradi.

Davlat rahbari murojaatnomada “Ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dardu tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning o‘zidan yaxshi tushunadigan inson yo‘q.” degan fikrni ta’kidladilar.

Yaqinda viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgan bo‘lsa, endilikda xotin-qizlar muammolarini chuqur o‘rganib, hal etish mexanizmlarini yaratib, bajarish uchun ijro organi oldiga qo‘yib beruvchi xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanishning yangi bosqichi sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tuzilishi maqsadga muvofiq deb topildi.

Mazkur Kengash ayollarimizning eng kichik hayotiy masalalaridan tortib, eng global va umumijtimoiy muammolarini chuqur o‘rganishga, ayollarning barcha muammolarini hal etishga davlat va jamoat tashkilotlari yetarlicha e’tibor qaratishini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Kelgusida xalqimizni “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsadga erishmog‘i yo‘lida birlashib, bu yo‘lda davlat va nodavlat tashkilotlar, tegishli idoralar mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilishimiz zarur.

Xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanishning yangi bosqichi:

Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tuziladi.

Respublika Kengashiga bu borada katta tajribaga ega bo‘lgan Senat Raisi Tanzila Kamolovna Norboyeva rahbarlik qiladi.

Joylardagi Xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga hokimlarning ushbu masalalar bo‘yicha maslahatchilari rahbarlik qiladi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika va hududiy jamg‘armalar yangi tashkil etiladigan kengashlar ixtiyoriga o‘tkazib beriladi.

Ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Buning uchun “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etiladi.

Oliy Majlis palatalari va Hukumat bir oy muddatda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha taklif ishlab chiqadi.

Murojaatnomada xotin-qizlar manfaatlari:

Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga ko‘paytirilib, 2 mingtaga yetkaziladi. A’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.

Ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaytiriladi, 27 mingta yoki o‘tgan 2020 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p oilaning ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badallarini to‘lash va kredit foizlarini subsidiyalash uchun 2,4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

“Ijtimoiy reyestr”da “temir daftar”dagi barcha ma’lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi.

“Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi.

Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

O‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullanish uchun ruxsat beriladi.

 

Gulnora MARUFOVA,

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash

vazirining birinchi o‘rinbosari