O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi faoliyati va dars jarayonlari bilan tanishdi.
Prezidentimizning 2022 yil noyabr oyida Navoiy viloyatiga tashrifida 2023 yilda viloyatda yordamga muhtoj 20 mingdan ortiq ayollarni kasbga o‘qitish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini tashkil qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.

Mazkur markaz 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan endigina tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullana boshlagan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Kasb-hunarga o‘qitilgan xotin-qizlar yirik korxonalarning ishlab chiqarish maydonida amaliyot o‘taydi va mahallalardagi hokim yordamchilariga biriktiriladi.

– Bu yerda 2019-2022 yillar davomida qariyb 16 ming nafarga yaqin vaqtincha ishsiz, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar 12 ta yo‘nalishda bepul kasb-hunarlarga o‘qitildi, – deydi Markaz rahbari Gulsanam Norova. – Markazda o‘qish istagini bildirgan xotin-qizlar shaxsiy hujjati nusxasi bilan birga ariza topshiradi va “kasbiy-talim.uz” platformaga joylashtirilib, ular bilan ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Kasb-hunarni muvaffaqiyatli tugatgan xotin-qizlarga sertifikat beriladi. Sertifikat olgan tinglovchilarga tijorat banklari tomonidan kredit ajratilishida ko‘maklashiladi va 6 oy davomida nazorat qilib boriladi. Shuningdek, xotin-qizlar kasanachilik va hunarmandchilikka jalb etilib, ularga subsidiya ajratilishida, ijaraga joy olib berishda va ishga joylashishida, “Ustoz-shogird” asosida o‘zini-o‘zi band qilishda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini reklama qilish va sotish bo‘yicha “Savdo bozor”larini tashkil etishda yordam beriladi. Eng muhimi, doimiy ravishda “kasbiy-talim.uz” platformasida hisobot, monitoring va nazorat olib boriladi.

bugungi kunda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ta’til vaqtida o‘quvchilar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida Navoiy shahar prokuraturasi hamda viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi hamkorligida “Milliy qo‘g‘irchoq” teatri tashkil etilib, profilaktik hisobda turgan va boquvchisini yo‘qotgan 130 nafarga yaqin yoshlar jalb qilindi.
– Markazda Navoiy shahr prokuraturasi hamkorligida xotin-qizlar uchun alohida tartibda “Amaliy psixologiya” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni ichki bozorga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida yirik savdo majmualarida bepul foydalangan holda “Savdo yarmarkalari” tashkil etilmoqda, – deydi markaz bosh mutaxassisi Gulhayo Ravshanova. – Hozirda markaz tarkibida 3 ta - “Milliy hunarmandchilik” NNT, “Ekologiya va tadbirkor ayollar”NNT hamda “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi tashkil etilgan. Quvonarlisi, markaz ko‘magida “Milliy hunarmandchilik” NNT 50 million “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi 60 million so‘mlik grant loyihasini qo‘lga kiritdi.

O‘rganish jarayonida Bosh vazir o‘rinbosari tadbirkor - “CHADOS-2009” MCHJ rahbari Latofat Husanovaning faoliyati bilan qiziqdi va markazda yangi tashkil etilgan mebelchilik, charm va charm mahsulotlaridan sumkalar ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan tanishib, o‘z tavsiyalarini berdi.
L.Husanova USAID tomonidan e’lon qilingan milliy hunarmandchilikni rivojlantirish loyihasi doirasida 300 million so‘mlik grant loyihasini qo‘lga kiritgan. Natijada loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
– Ish faoliyatimni 2017 yilda bir nafar ishchi bilan boshlagandim, – dedi tadbirkor Latofat Husanova. – Ayni paytda qo‘l mehnati bilan turli xildagi yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Korxonamiz viloyat Xotin-qizlar markazi bilan hamkorlik qiladi. Bu yerda kasb-hunarga qiziquvchi xotin-qizlarga yumshoq o‘yinchoqlar yasash bo‘yicha o‘quv kursi ochilgan. Shu bilan birga xotin-qizlar ish bilan ta’minlanib, turli xil yumshoq o‘yinchoqlar yasaydi.
Z.Mahkamova viloyatdagi tadbirkor xotin-qizlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ularning tadbirkorlik yo‘nalishida savodxonligini oshirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikning zamonaviy yo‘nalishlarda mahallalar kesimida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rish masalalari muhokama etildi.
– Takliflar asosida viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi huzurida “Tadbirkor xotin-qizlar” klubi o‘z faoliyatini boshladi, – deydi Markaz rahbari G.Norova. – Endilikda ushbu klubda haftaning har chorshanba kuni viloyatdagi barcha tadbirkorlarning taklif va muammolari eshitiladi va mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan o‘rganiladi. Yirik tadbirkor xotin-qizlar va endi faoliyatini boshlayotgan xotin-qizlar o‘rtasida tajriba almashish yo‘lga qo‘yiladi.
Klubning birinchi sayyor qabuli tashkil etilib, 40 nafardan ortiq tadbirkor xotin-qizlarning taklif va muammolari viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari tomonidan o‘rganildi. 3 nafar tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun joy, 2 nafar tadbirkorning esa mahsulotlarini sotish uchun amaliy ko‘mak so‘ralgan murojaati ijobiy hal etildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA