Bugun axborot texnologiyalari (IT) kasblarini egallash nafaqat dunyoda, balki o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida ham trendga aylandi. Chunki, bu soha ham zamonaviyligi, ham daromadliligi bilan ajralib turadi.
Dilnoza Umurova asli ingliz tili o‘qituvchisi. IT sohasiga bo‘lgan kuchli qiziqish uni doimiy ravishda o‘z ustida ishlab, turli zamonaviy kasblarni o‘rganishga undaydi.

– Aksariyat davlatlarda IT sohasida gender nomutanosibligi kuzatiladi, – deydi Dilnoza Umurova. – Bizda bu muammo o‘z yechimini topayotgandek. Bugun mamlakatimizda IT faqat erkaklar kasbi hisoblanmaydi. Sohada ko‘plab imkoniyatlar yaratildi, “IT qizlar uchun emas!” degan stereotiplar buzildi, xotin-qizlar sohaning bir bo‘lagiga aylandi. Ayol-qizlar IT sohasini tanlashda rag‘batlantirilib, qulay sharoit va do‘stona madaniyat shakllantirilishiga erishildi. Bu kabi sa’y-harakatlar yaqin yillardan boshlangan bo‘lsada, hozirdanoq salmoqli natijalar mavjud.

O‘zim qiziqqan va kareramga aylantirishni istagan sohani o‘rganish va ITga kirib borish ushalmaydigan orzu kabi tuyular edi. IT sohasiga qiziqishim sababli deyarli har kun yangi narsa o‘rganishga harakat qilaman. Shu vaqt orasida “Coursera” kurslarini o‘zim uchun kashf qildim. Hozirda “Coursera”ning IBM Devops&Software Engineering hamda Google Project Management yo‘nalishlarini ham o‘qishni maqsad qildim. Figma, Web design, UX/UI kurslarini bitirib qo‘limda katta natijalar kutilayotgan loyihalar ham tayyor bo‘ldi.

Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, ayollarni AKT sohasida o‘qitish va rivojlantirish kelajakda ularga yuqori maoshli ish topish imkonini beradi. Bu imkoniyat o‘zlariga qulay jadvalda ishlashni orzu qiladigan ayollar va frilanserlar uchun juda muhim. Bundan tashqari, bu har bir ayolning o‘z daromadiga egaligi va moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishiga imkon yaratadi.
Kelgusidagi rejalarim bisyor. Asosiysi IT olamida mamlakat imijini oshirishga xizmat qiluvchi yangi loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etishdir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA