Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi binosida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar uchun amaliy o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi hamda viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmatining Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Seminarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarning xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar xizmat planshetlaridan foydalanish, elektron ma’lumotlar bazalari bilan ishlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasida raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar oldilar. Bu esa inspektorlarga o‘z vazifalarini yanada tezkor va samarali bajarish imkonini beradi.
Seminar davomida “Xavfsiz oila” oyligi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, oilaviy nizolarni erta bosqichda aniqlash va bartaraf etish, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

– Xotin-qizlar bilan ishlashda nafaqat huquqiy bilim, balki muloqot madaniyati, psixologik yondashuv va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish ham muhim ahamiyatga ega, – deydi Sirdaryo viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i mayor Muhabbat Xidiraliyeva. – Shu bois bunday tadbirlar tajriba almashish, ilg‘or ish usullarini amaliyotga joriy etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Seminar yakunida inspektorlar fuqarolar bilan muloqotni yanada samarali yo‘lga qo‘yish, profilaktik ishlar sifatini oshirish va jamiyatda xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator takliflar bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri