Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
10:27 / 2025-11-21

Bugungi kunda qishloqda bo‘ladimi, shahardami mehnat qilishni istagan har bir xotin-qizga imkoniyat bor. Kimdir tikish-to‘qish bilan shug‘ullanyapti, kimdir savdo qilayapti, yana boshqalar esa korxona va tashkilotlarda o‘z o‘rnini topmoqda.

Ayol ishlasa, oilada baraka, farzandlar ham keng dunyoqarashli bo‘ladi, erkakning ham yuki yengillashadi.  

Shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova raisligida xotin-qizlar ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, vazirlik mutasaddilari, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Z.Mahkamova xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va yangi tashabbuslarni har bir mahalla kesimida aniq o‘rganish muhimligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, aholi bilan bevosita muloqot qilish, mahallalarda mavjud ehtiyoj va muammolarni aniqlash, shu asosda maqsadli loyihalarni amalga oshirish ayollar hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yaratmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlarning ilmiy faolligini oshirish, ularni innovatsion izlanishlarga jalb etish va zamonaviy kasblarga o‘qitish dolzarb vazifa ekani qayd etildi. Doktorantlar va yosh olimalarni xorij va mahalliy grantlar, ilmiy loyihalar, hududiy tashabbuslarga jalb qilish, ilmiy ishlanmalarni hududlarning dolzarb muammolarini hal etishga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish agentligiga ilmiy tadqiqotlarni mahallalar va oliy ta’lim muassasalarida psixologik muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan yo‘nalishlar bilan boyitish vazifasi topshirildi. Xususan, suitsid xavfi, internet va axborot vositalariga qaramlik, oilaviy nizolar kabi masalalar bo‘yicha kichik monitoringlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi borasida takliflar bildirildi.

Kasbiy ta’lim agentligiga texnikumlarda ishsiz xotin-qizlarni zamonaviy kasblar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitishni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, o‘quv dasturlarining metodik ta’minotini kuchaytirish va bitiruvchilarning bandligini doimiy monitoring qilish belgilab berildi.

Yig‘ilish yakunida xotin-qizlarning ilm-fan, tadbirkorlik va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish borasida barcha zarur chora-tadbirlar tizimli va maqsadli amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA