bugungi kunda respublika aholisining 49 foizini xotin-qizlar, ularning qariyb 64 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar tashkil etadi.
Aholining deyarli yarmini tashkil etadigan xotin-qizlar masalasi har doimgidek dolzarbdir. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning intilish va qobiliyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy qiyin vaziyatda qolgan, himoyaga muhtojlariga har tomonlama ko‘maklashish, turmush sharoitlarini yaxshilash va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar» singari ishlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yilib, ularning muammolari bartaraf etilmoqda. Xususan 2020 yilda 585 mingga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, 36 mingdan ortiq ayollar kasb-hunarga o‘qitilgan. «Ayollar daftari»ga 9 ta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi.
bugungi kunda 1 ming 400 ga yaqin ayollar respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston parlamentida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar
deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Senatda esa bu ko‘rsatkich qariyb
25 foizga yetdi. Shunday natijalar tufayli O‘zbekiston parlamenti ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-pog‘onaga ko‘tarildi.
Mamlakatimiz barcha sohalarida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida gender tengligi instituti samarali joriy qilindi. Ularni turli tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida himoya orderi yo‘lga qo‘yilib, huquq va manfaatlarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi.
Shuningdek so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligi tan olinib, uni qisqartirishga qaratilgan islohotlar ham amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan aholining
4-5 mln. (12-15%) kambag‘allik sharoitida yashamoqda. Bu ularning kunlik tushumi 10-13 ming so‘mdan oshmasligini anglatadi. Kambag‘al aholining asosiy qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Ushbu sohada olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, kam ta’minlangan oila 7 kishidan iborat bo‘lib, ota-onaning o‘rtacha yoshi 50 yoshdan yuqori va ular oliy ma’lumotga ega emas. Jumladan, 11% kam daromadli oiladagi er-xotin ishsiz, 93% holatlarda esa ular oliy ma’lumotga ega emas va faqat 24% o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Xotin-qizlar orasida oliy ma’lumotlilarning ko‘payishi ularning ish bilan ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Xotin-qizlar bandligini ta’minlanishi ularning kambag‘alligini qisqartirishning muhim omilidir. Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida xotin-qizlar ta’lim olish huquqi kafolatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun: Xotin-qizlar huquq va manfaatlari himoyasiga doir 20 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarorlari hamda 15 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi qarori bilan xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida oliy ta’lim muassasalariga kirish tartibi belgilandi. Respublika oliy ta’lim muassasalariga 2020/2021-o‘quv yilida xotin-qizlar uchun jami davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli davlat granti 940 ta kvota, 2021/2022-o‘quv yilida davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratildi.
Shuningdek Prezidentning 2021 yil 5 martdagi qaroriga muvofiq davlat oliy ta’lim muassasalariga 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni mahalliy davlat hokimiyati organlari davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etildi. Bunda o‘qish uchun to‘lov pullari hokimliklar tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan, moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning Kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilandi.
Xotin-qizlar ijtimoiy huquqlarini ta’minlash esa qashshoqlikni qisqartirishdan tortib ularning sog‘lig‘i, ta’lim olishi ijtimoiy himoyasi va farovonligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sog‘lom jamiyatni barpo qilishdagi asosiy omil hisoblanadi. Kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy vositasi, bu – ta’lim olish huquqi hamda mehnat qilish huquqining kafolatlanganligidir. Bilim olishda, kasb tanlashda, lavozimda ko‘tarilishda erkaklar bilan ayollarga birdek imkoniyatlar yaratilishi, ularning huquqlari teng ravishda muhofaza qilinishi xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligining kuchayishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek Prezidentning 2021 yil 5 martdagi qaroriga muvofiq xotin-qizlarning uy-joy bilan ta’minlanish darajasini oshirish maqsadida 2021 yilda «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalni to‘lab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun mahalliy byudjetlarga noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan ta’minlashga — 10 milliard so‘mdan, otasidan ayrilgan, yolg‘iz onasi qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlashga — 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlar ijtimoiy huquqlari kafolatlarini ta’minlash, davlat tomonidan imtiyozlar taqdim etish, ta’lim olishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish xotin-qizlarni ijtimoiy hayotdagi mavqeini kuchaytirib ularning kambag‘alligini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib xotin-qizlar ijtimoiy huquqlarini ta’minlash bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari suramiz:
birinchidan, xotin-qizlarni «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilishi tartib-taomillarini soddalashtirish hamda mazkur jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda amalga oshirish;
ikkinchidan, davlat boshqaruv organlari rahbarlarining xotin-qizlar masalasi bo‘yicha o‘rinbosarlarining sohadagi faoliyati samaradorligini baholab borilishini monitoring qilish;
uchinchidan, mahalliy byudjetlardan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalni to‘lab berish va uy-joylar sotib olish uchun subsidiyalar ajratilishi shaffofligini ta’minlash maqsadida jamoatchilik nazoratini jalb qilish;
to‘rtinchidan, xotin-qizlar ijtimoiy huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hisobotlarni vakolatli organ tomonidan doimiy ravishda e’lon qilib borilishini joriy etish xususan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish hamda ta’lim olishlari uchun to‘lov pullari to‘lab berilishi bo‘yicha ma’lumotlarni ochiq e’lon qilib borilishi maqsadga muvofiq.
Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bosh maslahatchisi