Munosabat
Yangi O‘zbekistonni barpo etish sharoitida gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarga munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, ularni tadbirkorlik va ijtimoiy faollikka keng jalb etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimi shakllantirildi. Ehtiyojmand, ishsiz yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish mexanizmi joriy etildi.
Iqtisodiy sohada ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish amaliyoti kengaytirildi. Natijada ko‘plab xotin-qizlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda. Bu esa nafaqat ularning shaxsiy daromad manbaini ta’minlash, balki hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Ta’lim sohasidagi imkoniyatlar ham sezilarli darajada kengaydi. Oliy ta’lim muassasalarida xotin-qizlar uchun ajratilayotgan grant o‘rinlari soni oshirildi, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan qizlar uchun imtiyozli ta’lim kreditlari joriy etildi. Natijada so‘nggi 9 yilda oliy ta’limdagi xotin-qizlar ulushi 3,5 barobarga ko‘paydi. Kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv kurslari tashkil etildi. Bu choralar xotin-qizlarning zamonaviy kasblarni egallashi, mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga zamin yaratmoqda.
Qolaversa, kuni kecha qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Preziden farmoniga muvofiq homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratilishi belgilandi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Qonunchilik takomillashtirilib, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va jabrlanganlarga huquqiy hamda psixologik yordam ko‘rsatish tizimi kuchaytirildi. Maxsus markazlar va ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida xotin-qizlarning huquqiy himoyasi yanada mustahkamlandi.
Yuqoridagi farmon bilan 2026-yil 1-apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab esa ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinib ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash tartiblari kiritilmoqda.
Bugungi kunda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki ham ortmoqda. Parlament va mahalliy kengashlarda, davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar soni yil sayin ko‘paymoqda. Xususan, 2017-yilda boshqaruv sohasida xodimlarning o‘rtacha 20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda. Bu esa qaror qabul qilish jarayonlarida ayollar nuqtai nazarining inobatga olinishi, ijtimoiy masalalarning yanada samarali hal etilishiga xizmat qilmoqda.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday siyosatning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati beqiyosdir. Avvalo, iqtisodiy jihatdan faol va mustaqil xotin-qizlar oila farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ikkinchidan, bilimli va tashabbuskor ayollar yangi g‘oya va loyihalarni ilgari surib, innovatsion taraqqiyotga hissa qo‘shadi. Uchinchidan, gender tenglik ta’minlangan jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va adolat tamoyillari mustahkamlanadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar izchil va tizimli xarakterga ega bo‘lib, ularning samarasi kundalik hayotimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu siyosat inson qadrini ulug‘lash, oila institutini mustahkamlash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilayotgan muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish bu – nafaqat davlatning vazifasi, balki jamiyatning umumiy mas’uliyatidir. Zero, ayol baxtli va farovon bo‘lgan jamiyatda taraqqiyot barqaror va izchil bo‘ladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA