O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi qoshidagi “Siyosatchi ayollar klubi”da xotin-qizlar faoliyatiga doir tadbir tashkil etildi.
Unda partiya faollari, partiyadan saylangan mahalliy Kengashlar deputatlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu klub viloyatda yashovchi xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini oshirishga, mamlakatimizda ro‘y berayotgan yangiliklar, islohotlar va o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida “Siyosatchi ayollar klubi” tomonidan olib borilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlari natijasida 2 ming nafarga yaqin xotin-qiz partiya a’zoligiga qabul qilindi. Bundan tashqari, klub a’zolari tomonidan “Uyma-uy” va “Xizmat-beminnat” loyihalari doirasida xotin-qizlarning 312 ta muammoli masalasi aniqlanib, 284 tasi ijobiy hal qilindi. Shuningdek, 125 nafar kam ta’minlangan va ehtiyojmand xotin-qiz kasb-hunarga bepul o‘qitildi. “Toza likopcha” aksiyasi orqali esa sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti samarali yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir davomida bir guruh talaba yoshlar hamda turli soha vakillari klub a’zoligiga qabul qilindi.

Yig‘ilish so‘nggida partiya loyihalarida faol ishtirok etgan xotin-qizlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri