Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda
11:22 / 2023-04-19

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati Kengashida 2023 yilning 1-choragida “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Yurtimizda xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Albatta, bunda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ayollar daftari” muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Dastlab “Ayollar daftari”ning birinchi bosqichida 201 ming 954 nafar xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari anketa-so‘rovnomalari orqali xatlovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, to‘rtinchi bosqichda viloyatdagi mavjud 330 ta mahalladagi 30 yoshdan oshgan 232 ming 300 nafar xotin-qizlar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

– Ushbu tizimda to‘plangan tajribadan kelib chiqib, xotin-qizlarni birlamchi xatlovdan o‘tkazish ishlarining sifati va ko‘lamiga alohida e’tibor qaratildi hamda bu jarayonga 3 ming nafardan ortiq mas’ul xodimlar jalb qilindi, – deydi Federatsiya viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Xatlovdan o‘tkazilgan xotin-qizlarning ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir hamda yordamga muhtoj 30 ming 56 nafari “Ayollar daftari” ga kiritildi. O‘rganishlar yakunida ro‘yxat asosida har bir muammoning, ijtimoiy yordamning individual dasturi, muddati, manbasi va mexanizmlari belgilab olindi. Amaldagi tartibga ko‘ra, shakllantirilgan ro‘yxatlar Xalq deputatlari hududiy Kengashlari tomonidan tasdiqlanib, 6 ta toifaga ajratildi.  

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning 1-choragida 8 ming 928 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga 6 milliard 439 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 71 nafarining uy-joylaridagi ta’mirlash ishlari uchun 407 million so‘mlik qurilish materiallari olib berildi va 145 nafarining 863 million so‘mlik ijara kompensatsiyasi to‘landi. Shuningdek, 700 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. 184 nafariga 2 milliard 944 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar rasmiylashtirilib, o‘zlarining shaxsiy biznesini boshlashiga ko‘maklashildi.  

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA