Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mahallalarda ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish ishlarini kompleks tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan “oilabay” ishlash, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning soni va sifatini oshirish maqsadida “Mahallada ijtimoiy xizmat moduli”ni joriy etish bo‘yicha bir qator ko‘rsatmalar berilgan.
Qarorda “respublikaning barcha mahallalarida “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi to‘liq joriy etilishi” belgilangan bo‘lib, bugungi kunda YUNISEFning “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash” loyihasi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan yangi modul ishlab chiqilmoqda.
Mazkur xizmatning joriy etilishi, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami va sifatini yaxshilashga, oilalarning ijtimoiy muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etishga imkoniyat yaratishi bilan bir qatorda, mahallalardagi xotin-qizlar faollariga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, bu boradagi vazifalarni tizimli tashkil qilish, sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali islohotlar ko‘lami va sifatini yaxshilash maqsadida barcha mahallalardagi xotin-qizlar faollari zamonaviy planshetlar bilan ta’minlanishi belgilangan.
[gallery-9955]
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida xotin-qizlar faollariga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy planshetlar topshirildi.
Unda tuman hokimi A.Tajetdinov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova va boshqalar yangi tizim asosida muhtoj oila va fuqarolarning muammolarini kompleks o‘rganish va ularni hal etishga ko‘maklashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga maqsadli yordam berish, bunda mahallalardagi xotin-qizlar faollarining xizmatiga to‘xtaldi. Ushbu planshetlar xotin-qizlar faollariga mahallalarda “oilabay” tizimini yuritishda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlarni bazalarga kiritishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida Chimboy, Kegayli, Qorao‘zak, Bo‘zatov hamda Taxtako‘pir tumanlari xotin-qizlar faollariga zamonaviy planshetlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA