Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar doimo e’tiborda
12:26 / 2023-01-11

Farg‘ona viloyatida 2022 yilda xatlov o‘tkazilib 79 ming 463 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, hamda muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratildi.

Ishsiz  24  ming  715  nafar  xotin-qizlar  bandligi  ta’minlandi.  Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand 3 ming 268 nafar xotin-qizlarga 32,8 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi.  929 ta ayollar uy-joy bilan ta’minlandi. 1 ming 175  nafariga  turar-joy uchun ijara kompensatsiyalari to‘lab berildi.

–Mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, qizlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli va bilimli qizlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga muhim e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komilaxon Kavlonova. – Bunda  Prezidentimizning 2022 yil 7 martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘layotir. 1 ming 62 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar faollari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida tashkil etilgan “Oqila ayollar” harakatiga 16 ming 540 nafar xotin-qizlar jalb etildi.  

Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 ming 642 nafar xotin-qizga kredit mablag‘i ajratildi. Har bir shahar va tumanda xotin-qizlar tadbirkorlik markazining filiallari tashkil etildi. Ularda 12 ta yo‘nalishda mehnat bozori talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish uchun sharoit yaratildi. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan  1 ming 131 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 7 million so‘mdan 10 million so‘mgacha subsidiya ajratildi.

Kasanachilikni rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha Farg‘ona tajribasi yaratilmoqda. Viloyatda 62 ta xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, o‘tgan yilda 10 tasi ish boshladi.

 

M.Sulaymonov,

O‘zA