Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar doimo e’tibor va e’zozda
14:30 / 2023-07-20

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, iqtisodiy huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish hamda amaliy ko‘maklashish maqsadida Buxoro viloyatida ikki kunlik o‘rganishlarni olib bordi.

Bosh vazir o‘rinbosari dastlab Kogon tumanidagi “Sarayon” mahallasida bo‘ldi. Ko‘chaboshi, oqila, faol ayollari bilan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, nikoh va oila huquqi, oila ma’naviyati, noqonuniy nikoh, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish xususida suhbatlashdi.

Z.Mahkamova mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida tashkil etilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Markaz ishini rivojlantirish, hududda xotin-qizlarni kasb-hunar o‘rganishga, tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Kogon tumanidagi “Bahouddin Naqshbandiy” mahalla fuqarolar yig‘ini Usmonobod qishlog‘ida yashovchi Obida Yodgorova 5 nafar qizning onasi. Qaramog‘ida nogironi bo‘lgani bois “Ayollar daftari”ning 4-bosqichida 6 toifaga kiritilgan. Bosh vazir o‘rinbosari ayolning xonadonida bo‘lib, xo‘jalikdagi mavjud imkoniyatlarni o‘rgandi.

Shuningdek, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi ijaraga joy olib, tikuv sexi ochgan va ayni paytda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 5 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan, qolaversa yozgi ta’tilda bo‘lgan qishloq maktab o‘quvchi qizlarining bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularni jalb qilib, “usta-shogird” an’anasi asosida tikuvchilikni o‘rgatayotgan Dilfuza Ramazonovaning tikuv sexida bo‘ldi.  

Qorako‘l tumani madaniyat markazida “Biz oilaviy zo‘ravonlikka qarshimiz!” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, viloyat hokimi o‘rinbosari Feruza Ibragimova, tuman hokimi Xurshid Tohirov, shuningdek, tegishli idoralar rahbarlari, joriy yilda himoya orderi berilgan ayollar va ularing oila a’zolari, nizoli oilalar ishtirok etdi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari so‘ngi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, mustahkam oilani shakllantirish, oila, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish masalalariga qaratilayotgan e’tibor haqida fikr bildirdi.

Uchrashuv davomida xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish borasida mahallalar hamda tegishli organlarning hamkorligi masalalari ham muhokama etildi.

Alohida xonalarda adliya, ichki ishlar, sud mutasaddilari, psixologlar himoya orderi olgan barcha xotin-qizlar hamda ularning oila a’zolari bilan birma-bir ishlab, huquqiy, psixologik yordamlar ko‘rsatildi.

Bosh vazir o‘rinbosari tadbirda ishtirok etgan xotin-qizlar bilan suhbatlashib, ularning murojaatlarini tingladi.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA