O‘zbekiston Respublikasi Oila va Xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Navoiy viloyat hokimligi, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi hamkorligida “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’milash va tadbirkorligini rivojlantirishning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan mas’ul xodimlar va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari rahbarlari ishtirok etgan konferensiyada xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

– Joriy yil o‘tgan davri mobaynida 2940 nafar xotin-qiz 8 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, 1100 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, – deydi viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – Shuningdek, 4356 nafar xotin-qiz xizmat ko‘rsatish va servis, sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida bandligi ta’minlandi, 2531 nafar ishsiz xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitildi va 2448 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Konferensiyada ta’kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlarning o‘z bizneslarini boshlashi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

– Viloyatda 2022 yilning 6 oyi mobaynida 336 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 1,6 milliard so‘m miqdorda subsidiyalar ajratildi, – deydi “Xalq banki” AJ Navoiy viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari Nasiba Ro‘ziyeva. – Shu bilan birga 2872 nafar xotin-qizning har biriga issiqxona qurish maqsadida 35 million so‘mgacha, 25 nafar xotin-qizga esa hunarmandlikni rivojlantirishlari uchun 993,5 million so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar ajratildi.

Tadbir ishtirokchilari Konimex tumanida joylashgan markaz filialida trener va tadbirkor Latofat Husanova, Maftuna Hakimovaning faoliyati, yangi tashabbuskor loyihalari bilan yaqindan tanishdi va o‘zaro tajriba almashdi.
Konferensiya davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutasaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari tomonidan javoblar qaytarildi.
Yakunda viloyatda namunali tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan bir qator tadbirkorlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan munosib taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA