Muhabbat Xo‘jamova 75 yoshda. Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Bo‘ston” mahallasida istiqomat qiladi. U 40 yil tumandagi 4-umumta’lim maktabida bolalarga ingliz tilidan dars bergan. Pensiyada bo‘lsa-da, o‘zi istiqomat qiladigan “Bo‘ston” mahallasida tuzilgan “Oqila ayollar guruhi”da faoliyat olib boradi. Doimo yoshlarga qimmatli o‘gitlari, nasihatlari bilan o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

– Minglab shogirdlar tayyorladim, ular yurtimizning turli hududlarida faoliyat olib bormoqda, – deydi Muhabbat Xo‘jamova. – Har bayramda, yaxshi kunlarimda shogirdlarim, qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlar kelib, tabriklab, holimdan xabar olib ketadi. Bizga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan xursandman
Tumandagi “Buyuk ipak yo‘li” mahallasida yashovchi 76 yoshni qarshi olgan Raxima aya Hayitova ham faxriy ustozlardan. Raxima aya 27 yil Qiziltepa tumanidagi 3-umumta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Rus tili fanidan o‘quvchilarga dars bergan. 
15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi va tuman bo‘linmasi xodimlari onaxonlar holidan xabar oldi. Shuningdek, ayni paytda fermer xo‘jaliklari dalalarida paxta terimida faollik ko‘rsatgan, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan bir guruh qishloq ayollari “Bo‘ston” mahallasiga taklif etilib, ularga ham “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Nafaqat turli sanalar arafasida, balki har doim xotin-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi faolligini oshirish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qiziltepa tuman bo‘linmasi raisi Shokir Habibov. – Ayollarimiz, onalarimiz va qizlarimizga doimo g‘amxo‘rlik qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash burchimizdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA