Oqoltin tumanining Mustaqillik mahallasida mamlakat bo‘ylab 25 noyabr – 10 dekabr kunlari o‘tkazilayotgan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” aksiyasi doirasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongini oshirish va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli tadbir tashkil etildi.
Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva, tuman IIBning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limining psixologi ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilarga xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash, zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash va murojaatlar bilan ishlash tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Aksiya doirasida fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va yordam olish mexanizmlaridan xabardor bo‘lishi muhimligi alohida ta’kidlandi.
— Zo‘ravonlikka qarshi kurash faqat bir tashkilot yoki biron bir sohaning vazifasi emas — bu umumjamiyat mas’uliyatidir, — dedi Shoira Qarshiboyeva. — Chunki bir ayolning hayotini asrab qolish, uning ertangi kuniga ishonch bag‘ishlash — har birimiz uchun sharafli burch.

Tadbir davomida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘limlari faoliyati, ularning huquqiy, psixologik va ijtimoiy xizmatlari hamda muammolarni hal qilish mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, xotin-qizlar uchun amaliy psixologik trening o‘tkazilib, stressni yengish, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tanlash va oilada ijobiy muhitni shakllantirishga oid tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA