Hozirgi kunda jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va faolligi alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtiroki orqali mamlakatning rivojlanish darajasini belgilash mumkin. Shu bois, yurtimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ularni kasb-hunarga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2025 yilda Navoiy viloyatida 7 ming 585 nafar xotin-qizni kasb-hunarga, 7 ming 32 nafar xotin-qizni esa tadbirkorlik ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonlikka o‘qitish belgilangan.

– Markazimiz tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan, uzoq muddat bola parvarishi ta’tilida bo‘lgan, og‘ir iqtisodiy ahvolga tushgan, migratsiyadan qaytgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan va bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish maqsadida 36 turdagi yo‘nalishlar asosida bepul kasb-hunarga o‘qitib kelinmoqda, – deydi viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida 1626 nafar o‘qitilishi rejalashtirilgan xotin-qizlardan 1162 nafari https://kasbiy-talim.uz platformasi orqali o‘qitildi. Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, viloyat AT Xalq banki bilan hamkorlikda o‘qitilgan xotin-qizlarning 267 nafariga imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lsa, 312 nafari o‘zini-o‘zi band qilishdi, 119 nafari esa mavsumiy va doimiy ishga joylashtirildi.

Markaz huzurida “Tadbirkor ayollar” klubi tashkil etilgan bo‘lib, klubga a’zo bo‘lgan 171 nafar tadbirkor ayollar uchun muntazam ravishda ochiq muloqotlar, seminar-treninglar tashkil qilinib, “Biznes sayohat” loyihasi doirasida 956 nafar xotin-qiz qamrab olindi.
Kelgusida markaz tomonidan ushbu jarayonlarni yanada rivojlantirish, ayollarning ishga joylashishini osonlashtirish va ularni yangi kasblarga o‘rgatish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ishlar izchil davom ettirilib, aniq-chora-tadbirlar belgilab olingan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri