Joriy yilning 4 dekabr kuni Davlat rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova viloyatning bir qator hududlarida bo‘lib, xotin-qizlarning yashash sharoiti, bandligi hamda tadbirkorlik faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, ularni qiynayotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar joyida o‘rganildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 dekabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoniga alohida e’tibor qaratildi. Bosh vazir o‘rinbosari ushbu farmonda belgilangan imkoniyat, imtiyoz va tashabbuslarni batafsil tushuntirib, ularning xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.


Tashrif doirasida Mirzaobod tumanida tadbirkor ayol Shahnoza Sayfiddinova rahbarlik qilayotgan “Master frut” MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Zamonaviy bog‘da 7 gektar maydonda turli meva va rezavor ekinlar tomchilatib sug‘orish hamda agrovoltaik tizim asosida yetishtirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Mirzaobod tumanidagi Yo‘ldoshobod mahallasidagi tikuvchilik sexi, ijtimoiy yotoqxonalar, Xovos tumanidagi Oqchangal mahallasida qovunqoqi tayyorlash bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor ayollar faoliyati, Guliston shahridagi “Yangi hayot” mahallasida joylashgan 28-yotoqxonadagi xotin-qizlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.


Uchrashuvlar davomida tadbirkor xotin-qizlar tomonidan qator takliflar ilgari surilib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini yanada samarali tashkil etish, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish va xotin-qizlar tadbirkorligini kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar ham muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari bu kabi uchrashuvlar xotin-qizlar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning muammolariga joyida yechim topish hamda farmon ijrosini amalda ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri