Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Toshkent tumanida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida hududdagi “Oila” hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Shu bilan birga, ajrim yoqasiga kelib qolgan hamda sudlarda nizolashayotgan oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik dasturi doirasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudlari sudyalari ishtirokida ochiq muloqot ham o‘tkazildi. Unda tumandagi hamkor tashkilotlar, mahalla raislari, “Nuroniylar” kengashi, “Oqila ayollar” harakati vakillari, diniy idoralar vakillari ishtirok etdi.

Suhbat davomida ajrimlarning oldini olishga qaratilgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Mas’ullar 30 ta nizoli oilaning vakillari bilan alohida suhbatlar o‘tkazib, yarashtiruvlarga erishildi. Tadbirda Viloyat hokimi o‘rinbosari Nilufar Normirzayeva, Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev va Toshkent viloyati IIBB xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari Shahnoza Sodiqova ishtirok etdi.

Shuningdek, Chinoz tumanida xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash borasidagi ishlar ham o‘rganildi. Dastlab “Sarbozor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Oqila ayollar” harakati vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda oilada ayolning o‘rni masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv va suhbatlarda Prezidentimizning 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi ham o‘rgandi. Xususan, tumanning Birlik mahallasida ishsiz xotin-qizlarni kasbga, ularni daromad topishga o‘rgatish orqali oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
A.Musayev,O‘zA.