O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Namangan viloyati Uychi tumanida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Uychi tajribasi” asosida ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, bandligini ta’minlash masalalarini yaqindan o‘rgandi.
Dastavval tumandagi Ovchibuloq mahallasida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, migratsiyadagilarni qaytarish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Shu joyning o‘zida tuman hokimligi mutasaddilarining bandlik borasidagi sa’y-harakatlar va kelgusidagi rejalar bo‘yicha taqdimoti bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, hukumat tomonidan yangi mexanizm joriy etilib, Uychi tumanida tajriba tariqasida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni migratsiyadan qaytarish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, yoshlarni oilaga tayyorlash kabi yo‘nalishlarida amaliy yumushlarni bajarish tuman hokimining tegishli o‘rinbosari, tuman ichki ishlar va adliya bo‘limlari hamda tibbiyot muassasalari rahbarlariga mavjud 53 ta mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida taqsimlab berildi.
Zulayho Mahkamova shu joyning o‘zida mahalla yettiligi bilan suhbatlashib, kelgusidagi muhim vazifalarni belgilab berdi. “Ovchibuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 5 ming 375 aholi istiqomat qiladi. Shundan 2 ming 510 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Joriy yil boshida o‘tkazilgan xatlov jarayonida 105 nafari ishsiz, deb topilgan edi. Hozirga kelib ayol-qizlarning barchasi ish bilan ta’minlandi.

Xonadonlarda uy mehnati orqali danakchilik, asalarichilik, kulolchilik, gulchilik, parrandachilik, chorvachilik, ko‘rpa-to‘shak tayyorlash va tikuvchilik yo‘nalishlarida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasida amaliy ishlar qilindi. Masalan, Mohira Mamadaliyeva, Karima Xotamova, Mohira Dadaboyeva, Malika Mamadaliyevaning xonadonlaridagi tajriba qo‘llab-quvvatlandi.
Tumandagi “Cho‘rtuk” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkor Isoqjon Qahhorovga tegishli “Mushtariy-AI” mas’uliyati cheklangan jamiyatda bugungi kunda o‘ndan ortiq atlas, adras, banoras matolari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada yigirmaga yaqin xotin-qizlarning doimiy bandligi ta’minlangan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlariga yetkazib berilmoqda. Mazkur mahalla hududida joylashgan “Eslem tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida duxoba ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, tikuvchilik sexi ham mavjud.
Zulayho Mahkamova ushbu korxonalar faoliyati bilan tanishuv chog‘ida mavjud muammolarni ham o‘rganib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarining yaratilishida amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA