Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Mirza bobo Norov” mas’uliyati cheklangan jamiyatida birinchi navbatda xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlanmoqda.
Tumanning “Opshoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tadbirkor Akram Norov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur korxona mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Korxona tomonidan 500 million so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy tikuv-bichuv uskunalari xarid qilinib, ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yildi. Hozir korxonada 30 dan ortiq zamonaviy uskuna mavjud, ular mahsulot tayyorlash jarayonini samarali tashkil etish imkonini bermoqda.

Korxonada asosan turli xil tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ayniqsa, mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilayotgani korxonaning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy bandlikni ta’minlash, balki hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.


– Avvalo, mahallamizdagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan edik, – deydi tadbirkor Akram Norov. – Shu maqsadda zamonaviy tikuvchilik uskunalarini xarid qilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bugungi kunda 30 nafardan ortiq xotin-qizlar shu yerda ishlab, oilalariga daromad keltirmoqda. Eng muhimi, ular o‘z mahallasida, uyiga yaqin joyda mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozir mahsulotlarimizning bir qismi eksportga chiqarilmoqda. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish, yangi uskunalar olib kelish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz. Rejamizga ko‘ra, yaqin vaqtlarda yana 50-60 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri