Buxoro viloyati Peshku tumani Xorkash mahallasida uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shu kunga qadar hududda talab darajasidagi maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘q edi.
Nihoyat, bu muammo ijobiy yechim topdi. Hududda ikki qavatli, 120 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy bino bolajonlar uchun quvonch va bilim maskani bo‘lib xizmat qiladigan bo‘ldi. Unda dars va mashg‘ulot xonalari, o‘yin maydonchasi, shinam yotoqxona va oshxona, sanitariya va isitish tarmoqlari shay qilingan bo‘lib, bolajonlarni o‘z bag‘riga oldi. Barkamol avlod ta’lim-tarbiyasiga 20 dan oshiq ishchi-tarbiyachi jalb qilingan.


Yangi binoni foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, mahalla faollari va ota-onalar hozir bo‘ldi. Muassasa qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan pudratchi “Buxoroi Sharif Nafis Bahori” MCHJ binokorlariga minnatdorlik bildirildi. Yangi bolalar bog‘chasi alvon lentasi qirqilgach, yig‘ilganlar unda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.

Ayni kunda Peshku tumanida 164 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan 46 ta davlat, 4 ta davlat xususiy sherikchilik hamda 114 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barkamol avlodning erta savodini chiqarish yo‘lida kamarbastadir.

Hozirda, tumanda 3-7 yoshdagi bolalar soni 10 ming 966 nafarni tashkil etayotgan bo‘lsa, ayni paytda 10 ming nafardan ortiq bog‘cha yoshidagi o‘g‘il-qiz maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinib, bu boradagi qamrov darajasi 92 foizga yetkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.