English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xorijliklar uchun o‘zbek tili” darsligi va “Uzbekacademy.uz” taqdimoti o‘tkazildi (+video)
08:54 / 2025-12-12

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xorijliklarga o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatuvchi “O‘zbek maktabi” tashkil topganining uch yilligi munosabati bilan maxsus marosim bo‘lib o‘tdi.

2022 yilda xorijliklarga o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan ushbu tashabbus qisqa fursatda o‘zining ilmiy-uslubiy maktabi, o‘quv dasturlari va keng xalqaro auditoriyasi bilan yurtimizning madaniy diplomatiyasidagi eng samarali loyihalardan biriga aylandi.

Marosimning taqdimot qismi loyihaning tashabbuskori, universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova tomonidan olib borildi. U “O‘zbek maktabi”ning uch yillik faoliyati davomida bosqichma-bosqich yaratilgan A1 va A2 darajalariga mo‘ljallangan darsliklar, o‘quv kurslari va onlayn ta’lim tizimlari haqida so‘z yuritar ekan, bugungi kungacha 400 nafardan ortiq xorijlik o‘rganuvchi ushbu materiallar asosida o‘zbek tilini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ushbu izchil ishlarning tabiiy va mantiqiy davomi sifatida “Xorijliklar uchun o‘zbek tili” B1 darsligining nashr etilgani e’lon qilindi. Marosimda “O‘zbek maktabi”ning amaldagi xorijlik tinglovchilari, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qator xorijiy davlatlarning elchixona va vakolatxonalaridan kelgan mehmonlar ham ishtirok etdi.

Marosim davomida yana bir muhim loyiha — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son Qarori asosida yaratilgan Uzacademy platformasining rasmiy taqdimoti o‘tkazildi. Platforma O‘zbekiston tarixini, madaniyatini, adabiyotini, san’atini va milliy qadriyatlarini xorijiy auditoriyaga zamonaviy, tizimli va qomusiy shaklda yetkazish uchun mo‘ljallangan. “Uzinfocom” bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur portal hozirda https://uzbekacademy.uz/oz domenida faoliyat yuritmoqda. Platformaga 4 asosiy rukn va 14 tagrukn bo‘yicha 62 ta sahifa yuklangan bo‘lib, ularda tarixiy, madaniy va ilmiy ma’lumotlar vizual materiallar bilan boyitilgan holda taqdim etilgan. Shuningdek, Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligi kabi tashkilotlar uchun maxsus kabinetlar yaratilgani platformaning davlat idoralari bilan integratsion ishlashini ta’minlaydi. Uzacademy platformasi o‘zbek tilini masofadan turib o‘rgatish bo‘yicha ham keng imkoniyat yaratadi. A1 darajasiga mo‘ljallangan darslar to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, tinglash, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi mashqlar, shuningdek, daraja aniqlash testlari joylashtirilgan. Kelgusida videodarslar, intervyular, ijodkorlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar, maxsus taqdimotlar platforma kontentini yanada boyitishi rejalashtirilgan. Uzacademy platformasining eng muhim yangiliklaridan biri shundaki, u Buyuk Britaniyaning nufuzli Oksford universitetida yo‘lga qo‘yilgan “O‘zbekshunoslik” dasturi uchun ham tayanch ilmiy-ma’rifiy baza sifatida foydalaniladi. Platformadagi ma’lumotlar Oksford universitetining elektron ta’lim tizimlariga integratsiya qilinib, talabalarga O‘zbekiston tarixi, madaniyati, adabiyoti va tiliga oid ishonchli, ilmiy asoslangan, muntazam yangilanadigan birlamchi manba sifatida xizmat qiladi. Shu tariqa Uzacademy nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlaridan birida ham o‘zbekshunoslik tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlovchi raqamli poydevorga aylanmoqda.

Mazkur marosim “O‘zbek maktabi” tashabbusining uch yillik ilmiy-uslubiy faoliyatini, xorijliklarga mo‘ljallangan darsliklar tizimining yangi bosqichini va “Uzacademy” platformasining ishga tushirilishini bir butun holda namoyon etdi. Ushbu loyihalar o‘zbek tilining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, jahon auditoriyasiga sifatli ta’lim resurslarini taqdim etish hamda O‘zbekiston madaniyatini keng targ‘ib etish yo‘lidagi izchil va muhim qadamlardir.

<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/ayaTXe63Nj4" title="“Xorijliklar uchun o`zbek tili” darsligi va “Uzbekacademy.uz” taqdimoti o`tkazildi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA