O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan mahalliy turoperatorlar hamkorligida joriy yilning 20–22-fevral kunlari Daniya Qirolligining Xerning shahrida tashkil etilgan “Danish Travel Show” xalqaro turizm yarmarkasida O‘zbekistonning turizm salohiyati keng namoyish etildi.
Mazkur tadbir Shimoliy Yevropa mintaqasidagi eng yirik turizm ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, turizm bozori vakillari, yetakchi turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxona tarmoqlari hamda sayyohlik sohasida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni yagona platformada birlashtiradi. U 60 dan ortiq mamlakat vakillari hamda minglab professional tashrif buyuruvchilarni qamrab olgan nufuzli xalqaro “B2B” va “B2C” maydoni hisoblanadi.

O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi, gastronomik yo‘nalishlar, ekologik va tog‘-sarguzasht turizmi imkoniyatlari keng targ‘ib etildi. Xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining turizm imkoniyatlari, yangi sayohat marshrutlari hamda zamonaviy infratuzilma bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Yarmarka doirasida xorijiy hamkorlar bilan “B2B” uchrashuvlar tashkil etilib, Shimoliy Yevropa davlatlaridan O‘zbekistonga turistlar oqimini oshirish, qo‘shma turpaketlar ishlab chiqish va marketing hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizning ochiq va xavfsiz turizm yo‘nalishi ekani, vizasiz hamda soddalashtirilgan viza tartiblari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma Shimoliy Yevropa bozoriga chiqish, yangi hamkorlar topish va O‘zbekistonning turizm brendini targ‘ib etish uchun muhim maydon hisoblanadi. Unda ishtirok etish mamlakatimizning Yevropa turizm xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash, sayyohlar geografiyasini kengaytirish va milliy turizm eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA