Ayni vaqtda Buxorodagi oliy o‘quv yurtlarida 3 ming nafarga yaqin xorijlik talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 70 foizga yaqini Buxoro davlat tibbiyot institutida o‘qiydi.Ular bugun 16 ta mamlakatdan kelib Ibn Sino yurtida tib ilmini o‘zlashtirmoqda.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ta’lim sifatini oshirish va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirok etayotgan zamonaviy yetakchi tibbiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish va real sektori tarmoqlari uchun yuqori malakali, xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, shuningdek, oliy tibbiy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikni, strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish borasida ham institutda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. E’tiborli tomoni, ushbu oliy o‘quv yurtida o‘qish istagida bo‘lgan xorijlik talabalar soni ham kun sayin ortib bormoqda.
–- Davlat rahbarining tashabbusi bilan 5-6 yil ichida xalqaro munosabatlarda bir qancha salmoqli ishlar amalga oshirildi, – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev. – Ko‘plab davlatlar bilan vizasiz borish-kelish rejimi yo‘lga qo‘yildi. Institutimizda ham xalqaro aloqalar borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Bugungi kunda institutda 1 yarim mingdan ortiq chet ellik talaba ilm olmoqda. Geografik nuqtai-nazardan qarasak, eng ko‘p yoshlari tahsil olayotgan davlat bu Hindiston hisoblanadi. Institutimiz bilan Hindistondagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 2018 yildan boshlab yaqin aloqalar o‘rnatilgan. Shu davrdan buyon Hindiston yoshlarini institutimizga qabul qilish jarayonlari boshlandi. Hindiston tomonidan birinchi marta bizning o‘quv tizimimiz to‘liq ekspertizadan o‘tkazildi. Institutimizdagi professor-o‘qituvchilarning salohiyati, ularning ingliz tilida dars berish sertifikatlari, ingliz tilida dars berish qobiliyatlari o‘rganib chiqildi. Shundan keyin institutimizga ham chet ellik talabalarni qabul qilish boshlandi. Hindistondan birinchi marta 25 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Bugungi kunda esa, katta kontingent, ya’ni 1000 nafar yosh Hindistondan kelib tahsil olmoqda.
Institutning xalqaro hamkorligi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, talabalarni xorijiy universitetlarda o‘qishga yuborish va xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda tadqiqotlar olib borishga asoslangani bilan ahamiyatli. Birgina 2023 yilda AQSH, Rossiya, Xitoy, Belarus, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya va boshqa qator davlatlar universitet, klinika va tashkilotlari bilan 40 dan ortiq shartnoma imzolandi. Yil davomida 170 nafar xorijiy OTM professor-o‘qituvchisi, klinikalar, ilmiy markazlarning yuqori malakali mutaxassislari institutning dars jarayonlariga jalb etildi. Buxoro davlat tibbiyot institutining 191 nafar professor-o‘qituvchisi va 90 nafar talaba, magistratura va klinik ordinatura rezidentlari, doktorantlar xorijiy OTM, klinikalari va ilmiy markazlariga akademik mobillik dasturi doirasida ma’ruza darslarini o‘tib, turli loyihalar, ilmiy-amaliy anjumanlar, olimpiadalarda ishtirok etdi. Bu ham oliy o‘quv yurti nufuzining yanada ortishiga zamin yaratdi.
– Institutimizda xalqaro hamkorlik bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti prorektori Laziz Niyozov. –Xalqaro hamkorlik doirasida oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot hamda klinik sohada o‘zaro aloqalarni birgalikda rivojlantirishda professor-o‘qituvchilarning, talabalarning ishtiroki yildan-yilga oshib bormoqda. Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha institutimiz respublika miqyosida yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Hozirgi kunda qo‘shma ta’lim dasturlaridan 20 tasi bo‘yicha faoliyat olib borilmoqda. 2024 yilda talabalarning geografiyasi va sonini oshirishni rejalashtirganmiz.
Xorijdan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turli anjumanlarda ishtirok etish, tibbiyot sohasida yangi innovatsion g‘oyalarni ilgari surish hamda tajriba almashish maqsadida institutga 35 ta delegatsiya tashrif buyurgani ham e’tiborga molikdir. Hozirda institutda Rossiya Federatsiyasi, Italiya, Polsha, Qozog‘iston, Turkiyaning nufuzli oliygohlari bilan tuzilgan bitimlarga muvofiq, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim olayotgan yoshlar soni 900 nafarga yaqinlashdi. Ularning katta qismi Hindiston, Pokiston, Iordaniya, MDHga a’zo mamlakatlar, hatto, Avstraliya, Eron va AQSHdan ham talabalarning borligi kishini quvontiradi. Talabalarning e’tirof etishicha, bugun zamonaviy tibbiyot ilmini o‘zlashtirishda Buxorodagi oliy o‘quv yurtining alohida o‘rni bor.
– Men Buxoroga Hindistondan kelib tahsil olyapman,–- deydi hindistonlik talaba qiz Lakshmi Vijayadevi. – Avvalo, mamnuniyat bilan shuni aytishim kerakki, O‘zbekiston va Hindistonning do‘stona munosabatlari bir necha asrlik tarixga ega. Xususan, yurtingizdan yetishib chiqqan allomalar haqida juda ko‘p manbalarda o‘qiganman. Bugun esa yana bir tarixiy shahar Buxorodagi mana shunday zamonaviy shart-sharoitlarga ega oliy o‘quv yurtida o‘qish menga nasib qildi. Ustozlarimiz bizga bor bilimini berishga harakat qilmoqda. O‘ylaymanki, bu yerda o‘rganganlarimiz bizning yetuk mutaxassis bo‘lishimiz uchun katta rol o‘ynaydi.
– Men ham Hindistondan kelib, tibbiyot oliygohining ikkinchi bosqichida tahsil olyapman, - deydi hindistonlik talaba Shiva Gautan. – Bu yerdagi laboratoriyalar, zamonaviy kutubxona, ayniqsa, simulyatsiya markazida bizga eng so‘nggi andozalar asosida saboq berilmoqda. O‘qituvchilarimiz ingliz tilida darslarni mahorat bilan o‘tyapti. Shunga qaramay, men o‘zbek tilini ham o‘rganyapman. Nega deganda, bu yerdagi insonlarning bir-biriga munosabati, bizga nisbatan mehri bo‘lakcha. Yurtingizning qadimiy shaharlari Samarqand, Xiva va Toshkentda ham bo‘ldim. Taassurotlarim bir olam. Bugun o‘zbek diyorida tibbiyot ilmini o‘rganayotganimdan faxrlanaman. Ayniqsa, biz tib ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino haykali oldida qasamyod qilganimiz mening eng katta baxtim, desam xato bo‘lmaydi.
–Men hozir hindistonlik talaba bo‘lishimga qaramay, o‘zimni shu yurtda ilgaridan yashagandek his qilyapman, – deydi hindistonlik talaba qiz Akxila Kaveti. – Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Birinchidan, hamma senga yaxshi munosabatda bo‘ladi. Ikkinchidan, bizning yurtda nishonlanadigan barcha bayramlarni hind talabalari ko‘tarinki ruhda qarshi olishi uchun imkoniyatlar mavjud.Hamma sharoitlarga ega mana shunday oliy o‘quv yurti talabasi ekanimdan juda xursandman.
2024 yilda ham ko‘plab qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish, dunyoning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirga qadar Buxoro davlat tibbiyot institutida xorijiy tajribadan foydalangan holda institut professor-o‘qituvchilari tomonidan 38 dona darslik va 86 dona o‘quv qo‘llanma yaratilgan bo‘lsa, ularning aksariyati xorijning nufuzli oliygohlarida amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bu ham maskanning ilmiy salohiyatini amalda isbotlayapti.
[gallery-15942]
Joriy yilda institut ulkan rejalar ustida ish olib bormoqda. Xususan, 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish yo‘lida o‘z faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Bunda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Muxtasar aytganda, bugun davlat rahbarining ta’limga e’tibori barcha muvaffaqiyatlarning bardavom bo‘lishi uchun zamin yaratyapti.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov,
O‘zA muxbirlari