Xorijlik sayyohning qo‘l telefoni topib berildi
Qadimiy va hamisha navqiron Surxondaryo viloyatiga Fransiyadan sayohatga kelgan Melody Naidne Slaude mintaqamizda yagona – Termiz arxeologiya muzeyiga kelishda uyali aloqa vositasini ehtiyotsizlik bilan yo‘lovchi taksida tushirib qoldirgan.
Mehmon muzey hududida xizmat olib borayotgan viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga murojaat etib, holatni tushuntiradi. Zudlik bilan olib borilgan surishtiruv chog‘ida sitiuatsion markazdagi kuzatuv kameralari orqali taksi avtomashinasi aniqlanib, sayyohning telefon apparati topib berildi.

Bu haqda O‘zAga xabar bergan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, podpolkovnik Farhod Toshbevning ma’lum qilishicha, fransiyalik turist ko‘rsatilgan tezkor amaliy yordamdan behad mamnun bo‘lib, Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirgan. Arxeologiya muzeyini miriqib tomosha qilib, boy tassurot bilan qaytgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri