Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijlik olimlar qo‘mita raisiga maslahatchi bo‘ldi
11:14 / 2021-11-26

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tarkibidagi “O‘znaslchilik” korxonasida Yevropa-O‘zbek iqtisodiy hamkorlik uyushmasi (EUROUZ) bilan hamkorlik doirasida naslchilik va seleksiya ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan “Seleksiya va naslli qoramollarni yetishtirish metodologiyasi” mavzusidagi seminar-treningda Yel universiteti professori Kvazdorff Jerardo hamda Belgiyaning Lej universiteti professori Paskal Leroy ishtirok etdi.

Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Har ikki olim yurtimizda qoramollar naslini yaxshilashda Amerika tajribasini joriy etish hamda naslchilik tadqiqotlari doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari va loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga jamoatchilik asosida maslahatchi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Paskal Leroy Lej universiteti professori. Naslchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida 195 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Mali davlatida chorvachilik sohasida ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish, Jazoirda chorva mollari naslchiligini rivojlantirish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Vetnam milliy qishloq xo‘jaligi universitetini rivojlantirish hamda mahalliy qoramollarning xarakteristkasini shakllantirish loyihalariga rahbarlik qilgan.

Kvazdorff Jerardo AQSH naslli chorva mollari eksporti tashkiloti rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Ta’kidlash kerak, qo‘mita tomonidan aholining go‘shtga bo‘lgan talabi ortayotganligi hisobga olinib, chet davlatlardan keltirilgan qoramollarning go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiluvchan Aberdin-angus, Sharole, Greford va Limuzin kabi yangi zotlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Mayda mollarning zotini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish maqsadida qo‘yning Merinos, Romanov, Edilboy, Dorper zotlari hamda echkilarning Angor va Zaanen zotlarini mahalliy sharoitga moslashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

O‘zA