Poytaxtimizda o‘tkazilgan “Oftalmologiyada innovatsion texnologiyalar ITO-2025” II xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ishtirokchilarining bir guruhi Samarqandda bo‘ldi.
Dastlab mehmonlar Amir Temur maqbarasiga tashrif buyurib, ularga temuriylar davrda ilm-fanga qaratilgan e’tibor haqidagi qiziqarli ma’lumotlarga taqdim etildi.
– Tarixga qiziqishim bois, qayerga borsam, u yerning tarixiy shaharlari bilan batafsil tanishishga urinaman, – deydi konferensiya ishtirokchisi, britaniyalik Irina Sanders.– Ammo, Samarqand haqida ko‘p eshitganim bois, bu ko‘hna shaharga ko‘pdan beri kelishni orzu qilardim. Hayotim davomidagi orzularimdan yana biri ushalganidan mamnunman. Konferensiya samarali o‘tdi. Bugun Samarqand sayohati ham kutganimizdan maroqli o‘tmoqda. Gid-tarjimon so‘zlab bergan ma’lumotlarni eshitib, tarixiy obidalarda yurgan vaqtim o‘zimni o‘sha davrga tushib qolgandek his etayapman.
[gallery-23409]
Mehmonlar Registon ansambli, Amir Temur masjidi, Shohi Zinda majmuasi, “Siyob dehqon bozori”da bo‘lib, xalqimiz tarixi, madaniyati bilan tanishib, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirishdi.
– Konferensiyada qatnashib, kasbiy faoliyatim uchun ko‘plab yangiliklarni o‘rgangan bo‘lsam, Samarqandga sayohat qilib, tarix zarvaraqlariga muhrlangan manbalardan bahra oldim, – deydi qozog‘istonlik vrach-oftalmolog Aqerka Makon qizi. – Go‘zal tabiati, betakror tarixiy obidalar kishini o‘tmishga yetaklaydi. Hunarmandlarning bejirim san’at namunalari ham sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Umuman, Samarqandga kelgan sayyoh afsuslanmaydi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari