O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Osiyo xokkey federatsiyasi mutaxassisi, pokistonlik pedagog va murabbiy Ali Zahid Abdullah Xon tomonidan 1-bosqich seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Xorazm viloyatlaridan kelgan murabbiylar hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining ushbu yo‘nalishdagi professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda chim ustida xokkey sport turining texnik va taktik jihatlaridagi yangiliklar bilan tanishildi.

Mashg‘ulotlar yakunida belgilangan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilar maxsus sertifikat va diplomlar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov chim ustida xokkey sport turi rivojiga mamlakatimizda alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mazkur seminar-mashg‘ulotning 2-bosqichi 1-3-mart kunlari Andijon viloyatida bo‘lib o‘tadi. Unda Farg‘ona, Namangan, Andijon va qo‘shni respublikalarning chim ustida xokkey bo‘yicha murabbiy-mutaxassislari ishtirok etadi.

T.Ro‘ziyev,
O‘zA