English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijlik kuzatuvchi Sirdaryodagi saylovga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rgandi
08:00 / 2021-10-14

MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak Sirdaryo viloyatida bo‘lib, siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.

Xalqaro kuzatuvchiga O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi raisi Jamshidxon Nuritdinov okrug saylov komissiyasi va 284 ta uchastka saylov komissiyasi, saylov jarayonlari yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

Viloyatdagi uchastka saylov komissiyalarida 3511 nafar a’zo faoliyat yuritadi. Ularning 2546 nafari ilgari ham saylovlarda ishtirok etgan, 1646 nafari ayollar, 718 nafari 21-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Komissiya a’zolarining 524 nafari o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 129 nafari huquqshunoslar, 2922 nafari pedagoglar va boshqa sohalar vakillari bo‘lib, barchasi saylov qonunchiligidan xabardor fuqarolardir.

Xalqaro kuzatuvchi Guliston shahrida joylashgan 15, 19, 20-saylov uchastkalariga borib, saylovga hozirlik doirasida olib borilayotgan ishlar, pandemiya sharoitida saylovchi va kuzatuvchilarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Uchastka saylov komissiya raislari bilan suhbatlashdi.

– Sirdaryoda men 2019 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman, – deydi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak. – Bu qisqa davrda viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganini, Prezident sayloviga ham puxta tayyorgarlik ko‘rilganining shohidi bo‘ldim. O‘tkazilayotgan saylov nafaqat O‘zbekiston, balki MDH mamlakatlari va xalqlari uchun ham ahamiyatlidir.

MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak mahalliy OAV xodimlari bilan uchrashib, ularning savollariga javob berdi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA