Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijlik ishbilarmonlari Toshkent viloyatiga yangi loyiha amalga oshiradi
14:08 / 2025-11-07

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Saudiya Arabistonining “ACWA Powyer” kompaniyasi asoschisi va direktorlar kengashi raisi Muhammad Abunayyan o‘rtasida ZOOM platformasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida har ikki taraf O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va samarali hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni ortib borayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, turizm va tibbiyot sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari aytib o‘tildi.

O‘z navbatida Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati bo‘yicha xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qulay investitsiya muhiti va xorij mamlakatlari bilan turli sohalarda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab, bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi. 

Xususan, farmatsevtika sanoati, tibbiyot, elektrotexnika, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari, turizm va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ichimlik suvini tozalash inshootlarini barpo etish va ularning uskunalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Muzokaralar davomida “ACWA Powyer” kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan Toshkent viloyati ishbilarmonlar delegatsiyasining Qirollikka kelishini tashkil etish taklifini berdi. Mazkur tashrif doirasida tomonlar O‘zbekiston– Saudiya biznes forumi hamda Toshkent viloyati ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazmasini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Tadbirlar davomida viloyatning investitsion va eksport salohiyati taqdim etiladi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida o‘zbek oshxonasini tanishtirish maydonchasini va o‘zbek mahsulotlarini namoyish etish omborini ochish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, ACWA Powyer – Saudiya Arabistonining yetakchi energetika kompaniyasi bo‘lib, elektr energiyasi ishlab chiqarish, suvni tozalash va quyosh, shamol hamda “yashil vodorod” kabi qayta tiklanadigan energiya manbalari loyihalarini rivojlantirishga ixtisoslashgan. 2004 yilda tashkil etilgan va Ar-Riyod shahrida joylashgan kompaniya Yaqin Sharq, Afrika va Osiyoning 12 dan ortiq mamlakatlarida strategik loyihalarni amalga oshirib, “Saudi Vision–2030” milliy strategiyasini ro‘yobga chiqarishda muhim hissa qo‘shmoqda.

A.Musayev, O‘zA.