Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijlik ish beruvchilar bilan muloqot
14:49 / 2025-12-03

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Getwork” xususiy bandlik agentligi vakillari ishtirokida xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida talabalar va yosh mutaxassislar uchun chet elda ishlash jarayonlari, talab qilinadigan hujjatlar, mehnat shartlari hamda xavfsizlik masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.  

Mutaxassislar xorijiy ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, rasmiy agentliklar orqali ishga joylashishning afzalliklari va huquqiy kafolatlar haqida tushuntirishlar o‘tkazishdi.

–So‘nggi yillarda yurtimizda xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini tashkil etish samaradorligini oshirish, migratsiya geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi “Getwork” xususiy bandlik agentligi vakili Otabek Rahimberganov. – Xorazm viloyati ham respublikada tashqi mehnat migratsiyasi salohiyati yuqori hududlardan biri hisoblanadi.  Bugungi kunda agentlikning hududiy filiali tomonidan fuqarolarga 10 dan ortiq turdagi migratsiyaga oid xizmatlar ko‘rsatilib kelinmoqda.  Bugungi tadbirda  Bolgariya davlatidan tashrif buyurgan yirik ishlab chiqarish korxonalari ish beruvchilari bevosita ishtirok etib, ishga qabul qilish bo‘yicha suhbat o‘tkazishdi.  

Xorijda ishlab yuqori daromad olish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan muloqotda mavsumiy va doimiy ish bilan band bo‘lish imkoniyatlari, kasb o‘rganish, malaka oshirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qish va ishlash haqida keng ma’lumot berildi.  

Shu yerning o‘zida fuqarolar bilan ish bo‘yicha muzokara va suhbat olib borildi.

Tadbir davomida ish beruvchilar viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ta’limning keyingi bosqichini Yevropa davlatlarida davom ettirish imkoniyatlarini ham o‘rgandi.  

–  Bolgariya konsalting firmasi vakiliman. Biz xozirda fastfud tarmoqlarida 30 ta restoran bilan ish olib bormoqdamiz,– deydi bolgariyalik ish beruvchi Boyko Manev. – Ayni paytda biz kelgusi yil yozgi mavsum uchun odamlarni ishga taklif qilish maqsadida migratsiya agentligi bilan hamkorlikda suhbat va muzokaralar o‘tkazib, fuqarolar bilan mehnat shartnomasi tuzilmoqda. Biz mahalliy tashkilotlar bilan to‘rt yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Iloji boricha ko‘proq fuqarolarni ishga jalb qilish niyatidamiz. Hamkorlik munosabatlarimiz yildan- yilga mustahkamlanib borayotganidan bag‘oyatda xursandman. O‘ylaymanki, ikki mamlakat o‘rtasidagi bu hamkorlik yanada rivojlanadi.  

[gallery-26530]

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda  Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Litva, Ruminiya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlik o‘rnatilib, fuqarolar ushbu davlatlarga tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasida bo‘lib turishibdi.  

Joriy yilda Xorazm viloyati bo‘yicha 1600 nafar fuqaro chet elda xavfsiz va qonuniy ish bilan ta’minlangan. Shundan 500 nafardan ortig‘i Yevropa davlatlari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari