Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijlik investorlar Jizzaxda
19:32 / 2018-07-13

Investitsiyaviy sharoitlar bilan tanishish, hamkorlik shartnomalari tuzish maqsadida bir qator yirik xorijiy kompaniyalar vakillari Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Investitsiyaviy sharoitlar bilan tanishish, hamkorlik shartnomalari tuzish maqsadida bir qator yirik xorijiy kompaniyalar vakillari Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Buyuk Britaniya, Italiya, Ozarbayjon va Qozog‘iston davlatlarining yetakchi iqtisodiy tarmoqlari va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi vakillaridan iborat ishbilarmonlar ikki kun davomida “Jadal hamkorlik” shiori ostida tashkil etilgan uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi.

Tashrifning birinchi kuni mehmonlar viloyat hokimi E.Soliyev bilan uchrashdi. Hokim mehmonlarga yurtimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar, qulay geografik joylashuv va iqlim haqida ma’lumot berdi. O‘zaro hamkorlik tomonlar uchun har jihatdan samarali bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning “Sentinel Global” kompaniyasi xorijiy investorlarni jalb qilishda konsalting xizmati ko‘rsatish, Italiyaning “Paghera” kompaniyasi istirohat bog‘lari, suv havzalari va interyer dizayni, Ozarbayjonning “BM Logistics” LLS kompaniyasi qishloq xo‘jaligi, logistika, qurilish va turizm, Qozog‘istonning “Etihain” LLP kompaniyasi sanoat, qurilish, logistika va sug‘urta xizmatlari, “ILP Group” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va logistika, “Energy” telekommunikatsiya xizmatlari, “Antares Platinum” sanoat, qurilish, neft va suvni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan takliflar bildirdi.

Uchrashuv yakunida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va logistika sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar imzolandi.

Tadbirning ikkinchi kuni viloyat markazidagi “Grand Hotel Uzbekistan” mehmonxonasida delegatsiya a’zolari va mahalliy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashdi. Ishchanlik muhitida o‘tgan uchrashuvda xorijda va O‘zbekistonda iqtisodiy faoliyat yuritish borasidagi qonunchilik asoslari va amaliy sharoitlar to‘g‘risida so‘z bordi.

Tadbir doirasida Jizzax shahar hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Rahimov tomonidan viloyatning sayyohlik va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, “Ming YuanSilu Industry”, “Jizzax Kenteks” va akkumulyator zavodi faoliyati bilan tanishdi. Xorijiy mehmonlar davlatimiz tomonidan investitsion loyihalar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga yuqori baho berdi.

– Menga O‘zbekistonda xorijiy investorlarga bildirilayotgan ishonch, do‘stona va bag‘rikenglik muhiti juda yoqdi, – deydi Italiyaning “Paghera” kompaniyasi vakili Alberto Massimo. – Yurtingizda keyingi ikki yilda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, faol investitsion siyosat yuritish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar mamlakat taraqqiyotida juda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylayman. “Jadal hamkorlik” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbir katta amaliy natijalarga asos bo‘lishiga ishonaman.

Xorijlik ishbilarmonlar Jizzax shahrining diqqatga sazovor joylari, yaqinda ishga tushirilgan “Yoshlar shaharchasi”, shahar istirohat bog‘i va O‘rda ekologik bog‘i bilan tanishdi.