French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijlik investor yurtimizdagi investitsiyaviy qulayliklardan unumli foydalanmoqda
12:24 / 2023-03-24

bugungi kunda mamlakatimizda har sohaga xorijiy sarmoya jalb qilish, qulay investitsiyaviy muhit yaratish, yirik loyihalarni amalga oshirish va albatta, bu orqali iqtisodiy o‘sishga erishish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Sirdaryo viloyatida 400 gektar yer maydonida intensiv bog‘ barpo qilgan afg‘on investori faoliyati fikrimizga misol bo‘ladi. Afg‘onistonlik tadbirkor Ali Islompur O‘zbekistonning unumdor tuprog‘iyu, quyoshli kunlaridan unumli foydalanib, 2,5 million dollar hisobiga Sirdaryoning Xovos tumanida 350 gektar yer maydonida intensiv bog‘, 50 gektar maydonda uzumzor barpo etgan. Har gektariga 1000 tadan ko‘chat ekilgan bog‘da 7 xil olma, 3 xil nok navlari yetishtirilmoqda.

— O‘zbekistonga kelganimga 3 yil bo‘ldi. Biz shu muddat ichida Xovos tumanida intensiv bog‘ tashkil qildik. 350 gektariga mevali nihollar va 50 gektariga tok ekdik. Bog‘da Erondan olib kelingan nok va olma navlari tomchilatib sug‘orish tizimi asosida yetishtirilmoqda. Intensiv bog‘larda hosilga tez kiradigan mevali daraxtlarga ishlov berish, sug‘orish, shakl berish, dori sepish va mevasini terish juda qulay. O‘z navbatida, bunday bog‘larda nihollar tanasiga yorug‘lik yaxshi tushadi, havo aylanadi. Natijada mevali daraxtlar uzoq yillar yaxshi hosil beradi, — deydi Ali Islompur.  

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq uzumchilik, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaliklarini yurituvchi sub’ektlarni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika byudjetidan har yili qo‘shimcha 100 milliard so‘mgacha subsidiya ajratilmoqda.  

Afg‘on investori ishtirokida tashkil etilgan intensiv bog‘ uchun 1 milliard 200 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan intensiv bog‘da tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi.   

—O‘zbekiston tomonidan bizning xorijiy korxonamizga berilgan yordam, ajratilgan subsidiyalar evaziga bog‘imiz tomchilatib sug‘orish tizimi asosida yaxshi rivojlanmoqda. Bu yilgi hosildan umidimiz katta — 100 tonna hosil olishni maqsad qilganmiz. Yillar davomida yuqori hosil olib, aholini sifatli mevalar bilan ta’minlash va xorijiy davlatlarga eksportni yo‘lga qo‘yib, jahon bozoriga chiqishni reja qilmoqdamiz, — deydi xorijlik investor.  

Qayd etish joizki, mazkur bog‘ atrofidagi hududda yashovchi aholi ham bog‘da doimiy va mavsumiy ish bilan band. Yurtimizda investitsiyaviy qulay muhitning yaratilishi bu kabi xorijlik tadbirkor va investorlarni jalb etib, natijador loyihalarni amalga oshirish, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA