Qatar poytaxti Doha shahrida joriy yilning 24–26 noyabr kunlari o‘tkazilayotgan xalqaro turizm yarmarkasi dunyo bo‘ylab yetakchi turoperatorlar, investorlar va sayyohlik shirkatlarini bir maydonga to‘playotgan nufuzli tadbir sifatida e’tibor qazonmoqda.
Ana shu yirik sohaviy anjumanda Jizzax viloyati delegatsiyasining faol ishtirok etishi hudud turizm salohiyatini xalqaro sahnaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yarmarka doirasida olib borilayotgan uchrashuv va muzokaralar Jizzaxning boy tarixiy merosi, tabiiy go‘zaligi hamda investitsiyaviy imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Delegatsiya vakillari xorijiy hamkorlar bilan yangi turistik loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish va hudud infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha konstruktiv muloqotlar olib bormoqda.

Jizzax viloyatining Dohada namoyon etilayotgan sayyohlik imkoniyatlari xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash, hududni Markaziy Osiyoning jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida tanitishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yarmarka ishtirokchilari bilan o‘tkazilayotgan taqdimot va uchrashuvlar esa viloyat uchun yangi sheriklik eshiklarini ochishi, zamonaviy turizm loyihalariga yo‘l ochib berishi shubhasiz.
Jahon turizm industriyasining bunday yirik maydonida ishtirok etish Jizzaxning sayyohlik brendini yanada kuchaytirish, hududdagi imkoniyatlarni keng xalqaro jamoatchilikka tanitishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri