Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy valyutadagi kreditlar hajmi ham o‘sdi
16:51 / 2026-03-02

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimiz tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 390 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu 2024-yildagi 287,2 trillion so‘mga nisbatan qariyb 36 foizga ko‘p. Ko‘rsatkichlar kreditlash faolligi izchil o‘sib borayotganini tasdiqlamoqda.

Moliya bozori tahlillari shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi ikki yilda kredit portfeli tarkibida milliy valyutadagi mablag‘lar ulushi sezilarli darajada oshgan. 2025-yilda milliy valyutada ajratilgan kreditlar hajmi 276,4 trillion so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 193,3 trillion so‘mni tashkil etgan edi.

Xorijiy valyutadagi kreditlar hajmi ham o‘sish tendensiyasini namoyon etdi. 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 113,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu 2024-yildagi 94 trillion so‘mga nisbatan ko‘proqdir. Chet el valyutasidagi kreditlarning asosiy qismi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelib, ularga 113,1 trillion so‘m ajratilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar ulushi 441,5 milliard so‘mni tashkil qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy valyutada moliyalashtirish ulushining ortishi iqtisodiyotda ichki moliyaviy resurslar roli mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan xorijiy valyutadagi kreditlarga talab saqlanib qolmoqda.

Umuman olganda, bank kreditlari iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi muhim omil bo‘lib qolmoqda. Kredit portfelining kengayishi ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iste’mol bozori faolligini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA