Bugun jahon bo‘ylab yurtimiz haqida so‘z borganda beixtiyor “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu so‘nggi yillarda taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yilgani, erishayotgan yutuqlarimizning e’tirofi demakdir.
Biz kechagi O‘zbekistonda emas, bugungi Yangi O‘zbekistonda, xalqimizning buyuk qudrati jo‘sh urgan zamonda, ilm-fan taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanayotgan davrda yashayapmiz.
Barchaga ma’lumki, O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani barcha sohalarda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Biror bir soha, biror bir jabha, biror bir yo‘nalish yo‘qki, chetda qolgan bo‘lsa, barcha faoliyat turlari o‘rganilib, uning rivoji uchun muhim vazifalar belgilanayotir. Jumladan, ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor qaratilib, sohani yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ko‘pgina ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Buxoro davlat universitetida ham ta’lim tizimini takomillashtirish va mazkur qaror ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina joriy yilni o‘tgan yil bilan taqqoslasak universitetda talabalar qabul kvotalari 1,5 barobarga oshdi. Bakalavriat hamda magistratura negizida 20 dan ortiq yangi ta’lim yo‘nalishlari, shuningdek, yangi kafedralar ochildi. Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida turli tanlov va tadbirlar o‘tkazildi. Talabalarning xalqaro va fan olimpiyadalaridan olgan o‘rinlari oshdi. 50 dan ortiq Respublika va Xalqaro anjumanlar o‘tkazildi. 100 dan ortiq mahalliy va xalqaro vebinar, seminar-trening, kongres, simpozium hamda forumlar tashkil etildi.
Shuningdek, xorijiy tillar fakulteti Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi, Lal Bahadur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi bilan samarali faoliyat olib bordi. Fransiya va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonalari hamkorligida fransuz va nemis tillariga mo‘ljallangan kutubxona tashkil etildi. Bir guruh xalqaro sertifikatga ega professor-o‘qituvchilar, Amerika elchixonasi ko‘magida xorijiy OTMlardan tashrif buyurgan volontyor o‘qituvchilar, Buxoro viloyati maktab o‘qituvchilari uchun xorijiy tillarni yanada mukammal o‘qitadigan ishchi guruh bilan birgalikda yil davomida 500 dan ortiq o‘qituvchilarga onlayn va oflayn o‘quv-metodik kurslar tashkil etildi. Ularga universitet rektori tomonidan sertifikatlar taqdim etildi. 10dan ortiq yuqori malakali xorijlik mutaxassislar tomonidan amaliy va ilmiy mashg‘ulotlar o‘tildi.
Viloyat va shahar halq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, maktab va universitet bilan uch tomonolama hamkorlik doirasida chet tili o‘qituvchilari uchun haftalik til kurslari, to‘garaklar tashkil qilindi. Tajribali xorijiy o‘qituvchilar ishtirokida haftalik onlayn vebinarlar, abituriyentlar uchun esa oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlaydigan til kurslari hamda to‘garaklar faoliyat olib bordi. Qolaversa, fakultetning professor-o‘qituvchilari tomonidan impakt faktori yuqori bo‘lgan ilmiy jurnallarda yuzlab maqolalar chop etildi. O‘quv qo‘llanma, darslik, monografiya va lug‘atlar nashr etildi.
Eng quvonarlisi, universitet huzuridagi DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03 raqamli filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajalari beruvchi Ilmiy kengash himoyasida 18 ta himoya o‘tkazildi. Ularning 14 tasi fakultetimizning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilganligini e’tirof etish joiz.
Ta’lim sohasining rivojlanishi, mamlakatimizda xorijiy tillarni mukammal o‘rganish va o‘rgatishni ko‘zda tutgan holda fakultet xorijiy ta’lim muassasalari – Amerika elchixonasi, Amerika kengashi, Britaniya kengashi, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Belgiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Amerikaning Kembridj, Oksford, Vebster, Oregon, Texas OTMlari, Angliyaning London metropoliten, Vestminster universitetlari, Germaniyaning Gyoteva Myunster universitetlari, Fransiyaning Fransua Rable nomidagi Tur, Sorbonna-4, Sorbonna-9, Grenobl Alp universitetlari, Turen instituti, Fransuz alyansi, Gyote instituti, Hindistonning Dehli universiteti, Turkiyaning Istanbul universiteti, Kanada, Shvestiya, Belgiya, Braziliya, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi xorijiy OTMlar bilan memorandum hamda qo‘shma dasturlar, Erasmus, Accyess, Campus, DAADlarning grant-loyihalarida ishtirok etib, akademik almashinuv xizmati dasturlari asosida malaka oshirish va talaba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yishni yanada kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilmoqda.
Fakultet professor-o‘qituvchilarining til bilish darajasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ular xalqaro standartdagi milliy sertifikatlarni olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarga jalb qilinayotir. O‘qitish sifati xalqaro andozalarga mos takomillashtirilgan darslik, o‘quv qo‘llanma va metodik qo‘llanmalar, mutaxassislik terminlariga oid izohli lug‘atlarni ham mutaxassislik va nomutaxassislik ta’lim yo‘nalishlari talabalariga mo‘ljallangan holda yaratishni, fakultet kesimida Xorijiy hamkor OTMlar bilan yangi o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va mavjud resurslardan foydalanish borasida hamkorlikni kuchaytirishni, “Bog‘cha–maktab–oliygoh–korxona” uzluksiz zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo‘lgan til o‘rganish metodikasi, uslubiy ko‘rsatma, tavsiya va darsliklarini ishlab chiqishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, fakultetda davlat-xususiy sherikchilik asosida o‘qituvchi va talabalarga xorijiy tillarni puxta o‘rgatadigan til markazlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.
Kutilayotgan natijalarimiz ham aniq. Chet tillarini o‘qitish; xorijiy tillarni o‘qitish orqali tarmoqlar mutaxassislarining chet tilini bilish ko‘nikmalarini oshirish, universitetning mahalliy maqomga ega chet tillarni bilish darajasini baholash sertifikatini joriy qilishdan iborat.
Xulosa qilib aytganda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati kelganligini anglagan holda, tizimdagi muammolarni tahlil qilib, ustuvor vazifalarni belgilash, chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari, bu boradagi yo‘l xarita va konsepsiyalari, qolaversa, xalqaro tajribalarga tayangan holda chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqish zarur bo‘ladi. Chunki xorijiy tillarni mukammal o‘rganish uchinchi Renessans poydevorining mustahkam bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Malohat Jo‘rayeva,
BuxDUprofessori,
Xorijiy tillar fakulteti dekani
O‘zA