Globallashuv jarayonlari tez sur’atlar bilan kechayotgan hozirgi zamonda xorijiy tillarni o‘rganish, ayniqsa, tarjimonlik yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etish ulkan amaliy ahamiyatga ega. Bunday tadbirlar talabalar va mutaxassislarga dunyoning turli mamlakatlari tajribasi bilan tanishish, turfa madaniyat va ta’lim tizimlari bilan o‘zaro muloqot qilish, eng muhimi, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan yaqindan bog‘lanish imkonini yaratadi. Ayniqsa, ta’lim va tarjimonlik sohasida sun’iy intellektdan foydalanish kengayib borayotgan bir vaqtda xalqaro platformalarda ishtirok etish bo‘lajak mutaxassislar uchun muhim salohiyat va ko‘nikmalarni shakllantiradi.
2025 yilning 13-27 noyabr kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Hindistonning Jaypur shahrida "Banastali Hindu University"da bo‘lib o‘tayotgan “17th International Conference on Intelligent Human-Computer Interaction (IHCI–2025)” xalqaro konferensiyasida faol ishtirok etmoqda.

Anjuman doirasida universitet vakillari dunyo miqyosida inson-kompyuter o‘zaro ta’siri, ta’lim jarayonida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, intellektual texnologiyalarni inson faoliyatining turli sohalariga tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda yetuk mutaxassislar bilan muloqot qilmoqda. Bu esa O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun zamonaviy ilmiy ishlanmalarni o‘rganish, innovatsion tashabbuslarni mahalliy ta’lim tizimiga tatbiq etish nuqtai nazaridan katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilayotir.
Mazkur konferensiyada O‘zDJTUning professor-o‘qituvchilari hamda Tarjimonlik fakulteti talabalaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda. Iqtidorli talaba-yoshlar ilmiy anjuman dasturida belgilangan ma’ruza va amaliy sessiyalarda faol qatnashmoqda.

– Bunday muloqot jarayoni talabalar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham kelgusi ilmiy va amaliy faoliyatlarida muhim ilhom va tajriba manbai bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi direktori S.Tuychiyov. – Xorijiy tilni o‘qitishda sun’iy intellektdan foydalanish, AI texnologiyalarini tarjimonlik amaliyotiga integratsiya qilish, raqamli ta’lim platformalarini zamonaviy standartlarga muvofiq takomillashtirish kabi mavzularda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan fikr almashilmoqda.
Xususan, tarjimonlikka ixtisoslashayotgan talabalar uchun bu kabi xalqaro konferensiyalar til, texnologiya va madaniyatning o‘zaro bog‘liq aspektlarini chuqur anglash, sun’iy intellekt vositalarini kelgusi kasbiy faoliyatda qo‘llash, xalqaro hamkorlik muhitini his qilish kabi muhim kompetensiyalarini rivojlantiradi. Zamonaviy raqamli dunyoda bu ko‘nikmalar mutaxassisning raqobatbardoshligini oshiradi, ularni global mehnat bozoriga tayyorlaydi.
Anjuman davomida olingan bilim va tajribalar nafaqat universitetning ilmiy salohiyatini mustahkamlaydi, balki mamlakatimizda raqamli ta’lim va til o‘qitish sohasidagi islohotlarga ham hissa qo‘shadi. Ushbu jarayon O‘zDJTUning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga, yosh mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalardan xabardor etishga va amaliyotga yo‘naltirilgan holda tayyorlashga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA