O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida rus va ingliz tillarini o‘rgatishdagi muammo va yechimlar” mavzusida Respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishda samaradorlik innovatsiyalar bilan bog‘liq ekani, chet tilini o‘rganishda innovatsion yondashuvlar, favqulodda vaziyatlardagi real muloqot holatlarini aks ettiruvchi videoroliklar va virtual simulyatorlar orqali amaliy mashg‘ulotlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, xorijiy favqulodda vaziyatlar xizmatlari bilan qo‘shma treninglar, seminar va vebinarlar tashkil etish orqali xodimlar til bilishi va tajribasini oshirish mumkin. Soha xodimlari uchun mo‘ljallangan interaktiv, onlayn til o‘rganish platformalarini ishlab chiqish va ularni mobil qurilmalarda foydalanishga moslashtirish, rus va ingliz tillarini favqulodda vaziyatlarga oid kasbiy terminologiya va ssenariylarga asoslangan holda o‘qitish samaradorlikni oshiradi.

Shuningdek, tadbirda hozirgi kunda akademiyada ham bir qator turdosh oliy harbiy ta’lim muassasalari mutaxassislari bilan hamorlikda ta’lim tizimi va uni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Anjuman doirasida tashkil etilgan ijtimoiy-huquqiy va badiiy kitoblar yarmarkasi qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA