O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2021/2022 o‘quv yili davomida maktablar o‘rtasida uch bosqichli «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi tashkil etildi.
Prezident sovrini uchun Xalq ta’limi vazirligi hamda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan 14-16 yosh oralig‘idagi o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovda 8 ming 65 ta maktab jamoalarining 40 ming 325 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi.
[gallery-8135]
Asosiy pul mukofoti 500 million so‘mni tashkil etadigan tanlovning yakuniy final bosqichi bugun poytaxtimizda joylashgan Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining Assessment markazida boshlandi.
Ushbu bosqichda respublikamizning 14 ta hududidan kelgan jamoa ishtirokchilari (jami 70 nafar o‘quvchi) g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilari Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment English tashkiloti Linguaskill xalqaro imtihon tizimi asosida baholanadi. Bunda o‘quvchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari xalqaro sertifikatsiya asosida sinovdan o‘tkaziladi va baholanadi.
Sinov natijalariga asosan B2 va undan yuqori natija qayd etgan o‘quvchilarga xalqaro tan olinadigan til bilish sertifikati beriladi.
Final bosqichida g‘olib bo‘lgan maktab – 500 million so‘m;
2-o‘rinni egallagan maktab – 400 million so‘m;
3-o‘rinni egallagan maktab – 300 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Mukofot summasining 50 foizidan kam bo‘lmagan qismi – maktab ehtiyojlariga, jumladan, xorijiy tillarni o‘qitishni yaxshilash uchun sharoitlar yaratish, maktab kutubxonasini boyitish, texnik vositalar bilan jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
Mukofot summasining 25 foizigacha bo‘lgan qismi – maktabning yuqori baholanishiga hissa qo‘shgan, o‘quvchilarni fan olimpiadalariga va tanlovga tayyorlagan xorijiy tillar o‘qituvchilarini rag‘batlantirishga qaratiladi.
Mukofot summasining 25 foizigacha bo‘lgan qismi – tanlovda umumjamoa sifatida qatnashib yuqori natijalar ko‘rsatgan o‘quvchilarni esdalik sovg‘a yoki naqd pul ko‘rinishida rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, «30 iyun — Yoshlar kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan qator tadbirlardagi tashabbuskorligi uchun tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilari (70 nafar o‘quvchi) va ularning ustozlari (14 nafar) til ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yuborish rejalashtirilgan.
Tanlov joriy yilning 5 avgustiga qadar davom etadi hamda g‘oliblar tadbirning so‘nggi kunida mutasaddi tashkilotlar tomonidan taqdirlanadi.
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan mavzuga oid savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA