Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab aniqlanadi
15:16 / 2023-08-15

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 14-18 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichi tashkil etilmoqda.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent shahridan 1 tadan maktab, jami 14 ta maktab  va 70 nafar  o‘quvchi ishtirok etmoqda.  

Ushbu bosqichda Buyuk Britaniyaning “Cambridge Assessment English” tashkilotiga tegishli bo‘lgan “Linguaskill” xalqaro testi vositasida ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi 3 bosqichda tashkil etildi. 1-bosqichda respublika bo‘yicha jami 6 ming 885 ta maktab qatnashib, jami o‘quvchilar soni 34 ming 375 nafarni tashkil etdi. O‘quvchilarning 32 ming 505 nafari ingliz tilidan, 1 ming 15 nafari nemis, 905 nafari fransuz tilidan ishtirok etdi.  

[gallery-13122]

Tanlovning birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra respublika bo‘yicha 210 ta tuman va shahar maktablari tanlovning ikkinchi (viloyat) bosqichiga tavsiya etildi. Ular orasida 209 ta maktab ingliz tili va 1 ta  maktab fransuz tilidan ishtirok etdi. Tanlovning tuman bosqichidan jami 1 ming 50 nafar o‘quvchi viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.  

Tanlovning barcha bosqichlari uchun test topshiriqlari ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishni nazarda tutadi.  

Tanlovning viloyat bosqichi test materiallari tuman bosqichi materiallaridan farqli o‘laroq, ishtirokchilarning kommunikativ kompetensiyalarini baholashga yo‘naltirildi. Bunda ishtirokchilarning leksik-grammatik bilimlari bilan birga retseptiv va produktiv nutqiy ko‘nikmalari ham tekshirildi.  

Tanlovda yuqori natija ko‘rsatgan g‘olib jamoalar final bosqichiga yo‘llanmani ko‘lga kiritdi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA