Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy tillarni mukammal o‘rganish uchinchi Renessans poydevorini mustahkam qurishdir
11:58 / 2021-05-21

Munosabat

Joriy yilning 6 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlikning keskin kengayayotgani, xorijiy tillarni bilishga ehtiyoj yanada oshayotgani haqida gapirdi. Qolaversa, mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati kelganligini qayd etdi.

Bu xorijiy til mutaxassislarini yurt ravnaqi yo‘lida yanada mas’uliyat va ishonch bilan qattiq, tinimsiz va albatta, samarali ishlash uchun turtki bo‘ldi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biror bir soha, biror bir jabha, biror bir yo‘nalish yo‘qki, chetda qolgan bo‘lsa, barcha faoliyat turlari o‘rganilib, uning rivoji uchun vazifalar belgilanayotgani, juda quvonarli.

Mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda tizimdagi muammolar atroflicha tahlil qilindi. Ustuvor vazifalar belgilanganligi, xorijiy tillarni mukammal o‘rganish davlatimiz rivoji, uchinchi Renessans davri poydevorini mustahkam qurish uchun muhim qadam bo‘ladi.

Tizimni yaxshilash, yaratilayotgan sharoitlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni butunlay bartaraf etish zarur bo‘ladi. “Yangi O‘zbekiston shiorda emas, amalda bo‘lishi kerak”, deya oldimizga maqsad qilib qo‘yilgan chet tillarni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish shart.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatimizda ikki mingdan ortiq chet tili o‘qituvchisi lavozimi vakant bo‘lib qolayotgani, bir yarim mingga yaqin maktabda chet tilini o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ekanligi, mazkur tizimdagi o‘qituvchilarning atigi 4 foizi milliy va xalqaro til sertifikatiga egaligi, maktablardagi chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmaganligi rost. Ammo bu achinarli.

Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati kelganligini anglagan holda, tizimdagi muammolarni tahlil qilib, ustuvor vazifalarni belgilash, chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari, bu boradagi yo‘l xarita va konsepsiyalari, qolaversa, xalqaro tajribalarga tayangan holda chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqish zarur bo‘ladi.

Davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalari, xalqaro andozalarga mos xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari yaratish ham asosiy vazifalardandir.

Davlatimiz rahbarining “Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, deya bildirgan fikrlari ham ayni paytda zamonga mos aytilgan haqiqat. Chunki, erkin ulg‘aygan, o‘z kasbini tanlab olgan bitiruvchining ikki yoki undan ortiq tilni egallashi o‘zining kelajak imkoniyatlarini kengaytirayotgani dalolatidir.

O‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta darajasini olgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 40 foiz, yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama berilishi belgilandi.

Ixtisoslashgan maktablar va oliy o‘quv yurtlariga til egasi bo‘lgan xorijlik o‘qituvchilarni jalb qilish, har bir tumanda tanlov o‘tkazib, chet tili o‘qituvchilarini xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish chet tili mutaxassislarini chet tilini o‘qitishi bilan birga amaliyoti integratsiyasi bo‘ladi, o‘rganilayotgan tili, madaniyati, tarixi, geografiyasi, san’ati va urf odatidan joyida bahramand bo‘ladi, har bir o‘qituvchining o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi, yangi-yangi rejalarni tuza oladi.

Yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab berilishi, kelgusi yildan boshlab, ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritilishi, chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun mahalliy byudjetdan har bir tuman va shaharga moddiy mablag‘lar ajratilishi, eng yaxshi maktablarni aniqlash uchun Prezident sovrinining ta’sis etilishi, ixtisoslashgan maktablar va oliy o‘quv yurtlariga til egasi bo‘lgan xorijlik o‘qituvchilarni jalb qilish, har bir tumanda tanlov o‘tkazib, chet tili o‘qituvchilarini xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish muhimligi, aytildi.

Yaratilishi belgilangan sharoitlar natijasida jamiyatda o‘qituvchi maqomining yuksalishi, chet tili o‘qituvchilarining bilim, malaka va ko‘nikmalarining mukammallashuvi, ustozlarning yanada ko‘tarinki ruhiyatda ishlashiga motivatsiya bo‘lib, ularning ishlash samarasi va o‘quvchilarga bilim berish sifatining ortishiga olib keladi.

Ta’lim muassasalari tarmoqlar va hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) o‘rgatishni tashkillashtirilsa, O‘zbekistonda Yangi turizmning rivojlanishi, bozor iqtisodiyotining o‘sishi, savdo-sotiq sohasining keskin rivojlanishiga olib keladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hududlarda chet tillarini o‘rgatish muhitini shakllantirish, bunga tashkiliy va moliyaviy sharoit yaratish barobarida chet tili o‘qituvchilarining oylik maoshidan tashqari qo‘shimcha ishlab haq olishiga erishiladi.

Har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda til o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash, haftaning bir kunini belgilab, xorijiy tillarni o‘rganish uchun sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Biz kechagi O‘zbekistonda emas, bugungi Yangi O‘zbekistonda, xalqimizning buyuk qudrati jo‘sh urgan zamonda, “hayot” degan konseptning oltin sarlavhalari yozilayotgan, ilm-fan taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanayotgan davrda yashayapmiz.

Bugun jahon bo‘ylab yurtimiz haqida so‘z borganda beixtiyor “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu so‘nggi yillarda taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofi demakdir.

Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha porloq kelajak uchun zamin bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati kelganligi shubhasiz, chunki xorijiy tillarni mukammal o‘rganish – uchinchi Renessans poydevorini mustahkam qurishdan dalolat beradi.

Malohat Jo‘rayeva,

filologiya fanlari doktori , professor,

Buxoro davlat universiteti  Xorijiy tillar fakulteti dekani.

O‘zA