Zamon tobora taraqqiy etib borayotgan ayni bir davrda xorijiy tillarni bilish, o‘rganish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yil 6 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi hamda 19 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ham ayni shu dolzarb masalalarga e’tibor qaratilgan.
– Xorijiy tillarni o‘rganish bu shunchaki bir tilni bilish emas, balki bu hayotingizga bir qancha imtiyozlar eshigini ochib berishi mumkin – deydi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 256-umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Navro‘za Mamajonova. – Xorijiy tillarni bog‘cha, maktab yoshidanoq o‘qitish, samarali metodlardan foydalanish, yoshlarni chet tillariga qiziqtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘quvchilarga biron bir chet tilini o‘rgatish uchun o‘qituvchi-pedagogning o‘zi yuqori salohiyat, bilim va malakaga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, o‘quv-mashg‘ulotlarni qiziqarli tarzda olib borish, o‘quvchilar o‘rtasida interaktiv o‘yinlar o‘tkazib turish maqsadga muvofiq.
O‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatishda ana shunday usullardan samarali foydalanadigan o‘qituvchi Navro‘za Mamajonova hamkasbi Munavvara Kurbaniyozova bilan birgalikda 4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Ingliz tili bilimdoni” ko‘rik-tanlovini tashkil etdi. Qiziqarli shartlarni o‘z ichiga olgan mazkur bellashuv 4-a, 4-b, 4-v, 4-g sinf o‘quvchilarining yil davomida olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazdi, mustahkamlash, takrorlash imkonini berdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 4-b sinf o‘quvchilari birinchi o‘rinni egalladi. Ko‘rik-tanlovda faol ishtirok etgan o‘quvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA