Xorijiy til imtihonidan yuqori ball to‘plagan Muhammadamin Ismoilovga imtihon xarajati to‘liq qoplab beriladi
Navoiy viloyati Zarafshon shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan zarafshonlik 17 yoshli Muhammadamin Ismoilovga IELTS bo‘yicha 7 ball to‘plagani uchun imtihon xarajati to‘liq qoplab berilishi haqidagi tasdiqnoma topshirildi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 13 apreldagi «Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan amalga oshirildi.

Bunda ariza beruvchi istalgan tuman, shahar davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanadi.
Davlat xizmati bepul ko‘rsatilib, ariza beruvchidan esa 2 ta hujjat – imtihon topshirish xarajati to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi (pdf formatda) va maxsus sertifikat (pdf formatda) taqdim etiladi, xolos. Murojaat javobi 15 kundan 30 kungacha SMS xabar shaklida murojaatchiga yuboriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA