English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy sayyohlar Ushot bilan tanishdi
13:31 / 2024-10-22

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Ushot” mahalla fuqarolar yig‘inida tandirsozlik, kashtachilik, so‘zanachilik, zardo‘zlik san’ati bilan shug‘ullanib kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu bilan birga, qandolatchilar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlarning ham xaridori ortib bormoqda. To‘rt mingga yaqin aholiga ega qishloqning “drayveri” sanalgan hunarmandchilik asosida “Ushot – hunarmandlar mahallasi” nomini olgan.

Joriy yil ushotliklar uchun mahalla guzari, oilaviy poliklinika, hunarmandchilik markazi, go‘zallik saloni, maishiy xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik inshootlari qurib foydalanishga topshirilgani barchani xursand qilmoqda. Mahalladagi hunarmandchilik markazida 150 dan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Ular kashtachilik, zardo‘zlik, tikuvchilik va qandolatchilik bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, bu yerda hunarmandchilikning tandirchilik yo‘nalishi rivojlanayotgani nafaqat mahalliy, balki xorijiy mehmonlar qiziqishini ham oshirmoqda.  

Ushot qishlog‘ida bugun xorijiy sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. Fransiyalik sayyohlar tumanda diqqatga sazovor manzillarni ko‘zdan kechirdi va tandir yasash jarayonlarini bevosita kuzatib, zavqlangan bo‘lsa ajab emas.  

Hozirda 150 dan ziyod oila tandirchilik bilan shug‘ullanib, shu halol mehnat orqasidan daromad topib, orzu-havaslarini ko‘rib kelmoqda. Ular tomonidan har yili 20 mingdan ortiq tandir tayyorlanib, viloyat tumanlari, mahalla va qishloqlarga shu bilan birga boshqa viloyatlarga ham yetkazib berilmoqda.  

Qishloqda tandirsozlik an’analarini davom ettirib kelayotgan G‘aybullo Mo‘minov, O‘lmas Musayev, aka-uka Jamshid va Jamil Jabborov, Orif Boltayev singari oilaviy sulola vakillari tomonidan yasalgan mahsulotlar doimiy xaridorga ega.  

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri.