O‘zbekistonda mineral xomashyo bazasini mustahkamlash, xalqaro sarmoyalarni jalb etish va geologiya sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jarayonda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida "Cove Capital" kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z yuritildi.
Uchrashuvda tomonlar geologiya sohasidagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shu bilan birga, mineral resurslarni qidirish va qazib chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra,
"Cove Capital" – bu Buyuk Britaniyada joylashgan investitsiya kompaniyasi. U asosan tabiiy resurslar, xususan, tog‘-kon va geologiya sohalaridagi loyihalarga sarmoya kiritish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya mineral qazib chiqarish, energetika va infratuzilma yo‘nalishlaridagi xalqaro hamkorlik loyihalarida ishtirok etadi.
Muloqot davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonning boy tabiiy zaxiralariga katta qiziqish bildirar ekan, mamlakatda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar geologiya sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, tajriba almashish va investitsiyaviy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA