Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish tartibi o‘zgardi
15:32 / 2021-06-24

Davlat rahbarining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 15 iyuldan boshlab talabalar o‘qishini ko‘chirishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

a) talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (shu jumladan, xalqaro reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:  

- talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi;  

- test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari joriy yil 25 iyulga qadar, keyinchalik har yili 15 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi;  

- o‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;  

- test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;  

b) talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.  

 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA