English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy mutaxassislar mamlakatda majburiy mehnatga barham berilishini e’tirof etdi
11:12 / 2022-03-10

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi hamda Amerika “Mas’ul xaridorlar tarmog‘i” huquqni himoya qiluvchi notijorat tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekiston hukumati tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, bozor tamoyillariga asoslangan ochiq iqtisodiyotni yaratish, inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatda majburiy mehnat amaliyotini bartaraf qilish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni har tomonlama muhokama qildilar.

Xorijiy delegatsiya O‘zbekiston tomonidan ushbu sohalarda erishilgan muvaffaqiyatni, xususan, 2021 yilda Yevropa Ittifoqining "GSP+" Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olishi va Buyuk Britaniyaning "GSP Enhanced framework" Preferensiyalar Bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasiga qo‘shilishi, shuningdek, mamlakatda tizimli majburiy mehnatga barham berilishini e’tirof etdi.

Uchrashuvda mehnat sohasida huquqbuzarliklarini monitoring qilish va oldini olish samaradorligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligi e’tirof etildi. Bundan tashqari, mehnat huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, fuqarolik jamiyati vakillari, fermer xo‘jaliklari va paxta klasterlari rahbarlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlarning fikriga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar mamlakatda mas’uliyatli yetkazib beruvchilar va ish beruvchilar sonini ko‘paytirishga va ularning xalqaro ta’minot zanjirlariga qo‘shilishiga samarali yordam beradi. Umuman olganda, bu O‘zbekistonning hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, mahalliy korxonalarda korporativ ijtimoiy javobgarlik tamoyillarini joriy qilish, paxta klasterlari va fermer xo‘jaliklarini ishlab chiqarishda energiya tejaydigan va suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga undash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlar bilan ushbu sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘llarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha faol va doimiy muloqot bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zA