O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi o‘zbekiston tomonining yangilangan tarkibi tasdiqlandi. Xorijiy investorlar kengashiga uning huzurida yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil qilish hamda ularning tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari (xodimlari)ni jalb qilish huquqi beriladi.
Qaror bilan Kengash a’zolari va xalqaro moliya institutlarining quyidagi takliflariga rozilik berildi:
a) Kengash kotibiyatini nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etish hamda uning a’zoligiga xalqaro moliya institutlarini ham jalb qilish;
b) Kengash kotibiyati tomonidan xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash orqali mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablag‘larini jalb qilishga ko‘maklashish;
v) Kengashning davlat organlari va tashkilotlari bilan bog‘liq faoliyatini Kengash kotibiyati tomonidan muvofiqlashtirish, shuningdek, Kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish;
g) Kengash kotibiyati hamda ishchi guruhlarning faoliyati natijalari haqida har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.
Ishchi guruhlarning vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
a) har oyda Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur qarorda keltirilgan harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazib borish;
b) investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.
O‘zA