Mamlakatimizda neft-gaz sohasida strategik hamkorlikni kengaytirish va xorijiy investitsiyalar jalb qilishda yangi tashabbuslarga qadam qo‘yilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJda AQSHning “Global Infrastructure Partners” kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ana shunday investitsiyaviy istiqbollar va hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sang‘inov va mazkur kompaniya vakili Erik Varvel bu uchrashuv mamlakatimiz neft-gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xalqaro moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim qadam ekanini qayd etdi.
Unda tomonlar strategik hamkorlik istiqbollari, jumladan, O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi mavjud infratuzilmasiga investitsiya kiritish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi.
Muloqot davomida barcha ehtimoliy takliflarni har tomonlama va puxta tahlil qilish, shuningdek, ularning “O‘zbekneftgaz” AJ moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholashning muhimligiga urg‘u berildi.
Uchrashuv yakunida xorijiy tomon bilan axborot almashinuvi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, tomonlar neft-gaz sohasida istiqbolli investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqish va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu muzokaralar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi investitsiyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va neft-gaz sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu uchrashuv ikki tomon uchun ham samarali hamkorlik asoslarini yaratadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA